Chelakda odamlarni rozi qiladigan ishlar bajariladi
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Payariq tumanining Chelak shaharchasining bugungi holati, aholi turmush tarzi bilan tanishdi.
Sakkiz mahalladan iborat hududda 4754 xonadon, 6700 ga yaqin oilada 27 ming atrofida aholi yashaydi. Bir paytlar sobiq Chelak tumani markazi bo‘lgan hududda shunga yarasha ma’muriy binolar, ijtimoiy soha ob’ektlari, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari bo‘lgan. Bugun ham bu bino va inshootlarning aksariyati mavjud bo‘lsa-da, e’tibordan chetda qolgan. Hududni obodonlashtirish, odamlar uchun munosib turmush sharoiti yaratish, aholi bandligini ta’minlash borasida yechimini kutayotgan muammolar ko‘p.
Mirzo Ulug‘bek mahallasida viloyat hokimi boshchiligida tuman hokimligi va viloyat mutasaddi idoralari rahbarlari, mahallalar oqsoqollari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda muammoli masalalar qayd etilib, ularga yechim izlandi.
– Chelakda ko‘p yillik muammolar bor, – dedi E.Turdimov. – Buni hudud infratuzilmasida ham, aholining kundalik turmushida ham ko‘rish mumkin. Shuning uchun bu yil Chelakni tubdan o‘zgartirishimiz, odamlarni rozi qiladigan ishlarni bajarishimiz kerak. Bunda, avvalo, maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalariga, yo‘llarni ta’mirlash, kommunal xizmat bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etish, hudud aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqava tizimi yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Uchrashuvda mavjud muammolar har bir mahalla kesimida tahlil etildi. Muammoli masalalarni hal etish yuzasidan mas’ullar belgilandi.
Jumladan, joriy yilda Qumchiq, Ahmad Yassaviy, Bunyodkor va G‘oyib ota mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun yangi, zamonaviy binolar quriladi. Sobiq Chelak tumani hokimligi binosi ta’mirlanib, davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi idoralar xodimlari va boshqa korxona, tashkilotlar vakillari shu yerda navbatchilik asosida faoliyat olib boradi.
bugungi kunda shaharcha aholisining atigi 25 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga mahallalarda yangi tarmoqlar tortish, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasini maksimal darajaga yetkazish, shuningdek, oqava tizimi yaratib, birinchi navbatda tibbiyot muassasasi, ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha ob’ektlari uchun lokal oqava-suv tozalash inshootini barpo etish loyihalarini tayyorlash vazifasi berildi.
Barcha mahalladagi ichki ko‘chalar ta’mirlanadi. Nosoz holatdagi, yaroqlilik muddatini o‘tab bo‘lgan elektr tarmoqlari ustunlari 1 iyunga qadar yangilanadi. Transformatorlar ta’mirlanib, zaruriy hollarda yangisiga almashtiriladi.
Hududda bitta yangi maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish, mavjudlarini ta’mirlash, maktablarda joriy ta’mirlash ishlarini olib borish, tibbiyot muassasasini zamonaviy jihoz va uskunalar bilan ta’minlash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.
Aholiga issiqxonalar barpo etish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar berish orqali ishchi fuqarolar bandligini ta’minlashga kelishib olindi.
G‘.HASANOV, O‘zA