Chekka qishloqda zamonaviy korxona
Fargʻona viloyatidagi eng chekka hududlarda sanoatni rivojlantirish, toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishga muhim eʼtibor qaratilmoqda.
Fargʻona viloyatidagi eng chekka hududlarda sanoatni rivojlantirish, toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishga muhim eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Fargʻona tumanida joriy yilda 8 ta 472 milliard soʻmlikdan ziyod investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, buning natijasida 690 ta ish oʻrni yaratildi. Hozirga qadar “Rahmatjon fayzi” masʼuliyati cheklangan jamiyatining maktabgacha taʼlim muassasasi va “Chimyon baraka maskani” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan esa mehmonxona xizmatini tashkil etish loyihasi ishga tushirildi. Shuningdek, Shohimardon qishlogʻida turizm sohasida ham bir qator obyektlar barpo etilyapti.
“Yangi asr” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yaqin kunlarda yirik istiqbolli loyiha ish boshlaydi. “Ekokerama” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 6 million dollarlik investitsiya oʻzlashtirilib, import oʻrnini bosuvchi santexnika jihozlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Ayni kunlarda viloyatda pandemiya taʼsirini yumshatish, manzilli dasturlardagi loyihalarni oʻz muddatida ishga tushirish maqsadida barcha tadbirlar koʻrilmoqda. Yaqinda ish boshlaydigan bu korxona vodiyda yagona hisoblanadi.
– Hozirda korxonamizda texnologiyalarni oʻrnatish va jihozlash ishlari yakunlanmoqda, – deydi “Ekokerama” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Muhammadsodiq Saidumarov. – Bu yerda 180 nafar mahalliy yoshlar ish bilan taʼminlanadi. Ishlab chiqarilishi koʻzda tutilayotgan unitaz, rakovina, chashagen kabi santexnika mahsulotlari asosan xorijdan olib kelinadi. Korxonamiz ishga tushgach bunga barham beriladi.
Santexnika jihozlarini ishlab chiqarish murakkab va nozik jarayondir. Buning uchun oʻndan ortiq turdagi xom shayolardan foydalaniladi. Loy 1 ming 300 haroratda pishirilib, toʻliq tayyor mahsulot holda tayyorlanadi.