Chegarada noqonuniy harakatga chek qo‘yildi
Namangan viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor nazorat tadbirlari natijasida qimmatbaho metalldan tayyorlangan zargarlik buyumlarini noqonuniy olib kirish va olib chiqishga urinishlar bilan bog‘liq holatlar fosh etildi.
Xususan, Namangan xalqaro aeroportidagi chegara bojxona posti xodimlari Saudiya Arabistonidan “Jidda – Namangan” yo‘nalishidagi aviareys orqali uchib kelgan bir qator fuqarolar tomonidan olib kirilgan jami vazni 531,3 gramm bo‘lgan 35 dona qimmatbaho metalldan yasalgan zargarlik buyumlari aeroport avtoturargohida mamlakatimiz fuqarosi tomonidan yig‘ib olinayotgan vaqtida aniqlanib, to‘xtatib qolindi.

Shuningdek, viloyat bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari hamda Qirg‘iz Respublikasining Novkent hududi bilan bog‘lovchi “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “O‘zbekiston –Qirg‘iziston” yo‘nalishida “yashil” yo‘lak orqali harakatlanayotgan fuqarolar bojxona nazoratidan o‘tkazildi.

Shaxsiy ko‘rik davomida uch nafar fuqaroning egnidagi kiyimlari orasiga yashirilgan 698,7 gramm turli xil zargarlik buyumlari mavjudligi aniqlanib, protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi. Yana bir vaziyatda esa, “Pop” chegara bojxona postida “Tojikiston – O‘zbekiston” yo‘nalishida piyoda harakatlanib kelayotgan ikki nafar Tojikiston fuqarolari bojxona nazoratidan o‘tish vaqtida shubhali xatti-harakatlari sababli shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, ularning egnidagi kiyimlari orasida bojxona nazoratidan yashirilgan 144,05 gramm qimmatbaho metalldan yasalgan zargarlik buyumlari mavjudligi aniqlandi.

Bundan tashqari, “Kosonsoy” chegara bojxona postida tezkor tuzilmalar va bojxona posti xodimlari ishtirokida tezkor ma’lumotlarga asosan o‘tkazilgan shaxsiy ko‘rik davomida “O‘zbekiston – Qirg‘iziston” yo‘nalishida harakatlangan fuqaro tana a’zosiga og‘irligi 302 gramm bo‘lgan quyma oltin bo‘laklarini bojxona nazoratidan yashirib Qirg‘iz Respublikasiga olib chiqayotganligi holati fosh etildi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qilish organi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.