Chegarachilarga yana qulaylik yaratildi
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi munosabati bilan DXX Chegara qo‘shinlarining Buxoro viloyatidagi harbiy qismlaridan biriga qarashli Qorako‘l tumanida joylashgan chegarani qo‘riqlash vzvodining ma’muriy binosi qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Manzilda harbiy xizmatchilarning xizmat vazifalarini to‘laqonli va sifatli bajarishlari uchun barcha qulaylik yaratilgan. Chegarachilar jangovar xizmat faoliyatini samarali o‘tashlari uchun axborot kommunikatsiya tizimlari bilan ta’minlangan xizmat xonasi, dars mashg‘ulotlari, ma’ruzalar xonalari hozirlangan.


Shuningdek, askarlarning jismoniy chiniqishlari maqsadida sport zali, o‘ziga xos muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, oshxona, yotoqxona, yuvinish va maishiy xizmat ko‘rsatish xonalari mavjud. Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun xizmat uylari, bolalar bog‘chasi, tibbiy xizmat xonasi, turmush o‘rtoqlarini ish bilan ta’minlash maqsadida tikuv sexi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgani barchaga manzur bo‘ldi.


Qayta chiroy ochgan harbiy ma’muriy bino va inshootni foydalanishga topshirish tadbirida tuman hokimligi, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, jamoatchilik vakillari qatnashdi. Ishtirokchilar tomonidan chegara sarhadida xizmat burchini o‘tayotgan chegarachilarga qaratilgan e’tibor ularning o‘z zimmasidagi mas’uliyatli vazifani sidqidildan bajarishga da’vat etishi alohida e’tirof etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri