Chegarachi askarlar Vatanga qasamyod qildi
Vatanga qasamyod – bu yigitlik sha’ni, or-nomusi, zimmasidagi mas’uliyatli burchni sharaf bilan ado etishga ahd qilishdir.
Milliy armiyamiz saflariga muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun chaqirilgan o‘g‘lonlarning tantanali Vatanga qasamyod qabul qilish tadbirlari Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli barcha harbiy qism va bo‘linmalarda ham ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Tadbirlarda Chegara qo‘shinlari mas’ul ofitserlari, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari hamda askarlarning ota-onalari ishtirok etdi. Jumladan, Toshkent viloyatining Zangiota tumani hamda Bekobod shahrida o‘tkazilgan tadbirlarda tinchligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash har bir fuqaroning muqaddas burchi ekani ta’kidlandi. Bugun mamlakatimizda harbiylarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, milliy armiyamizning salohiyati va jangovar qudratini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar xususida so‘z bordi.
Shundan so‘ng qalblarga o‘zgacha g‘urur va iftixor bag‘ishlagan hayajonli lahzalar boshlandi. O‘g‘lonlar vatan oldidagi o‘z yigitlik burchini ado etishga tantanali ravishda qasamyod qildi.
– Bugun o‘g‘lim Dalerjon Shonazarov va albatta, butun oilamiz uchun eng unutilmas, baxtli kun. Chunki, farzandim o‘z orzusiga yetdi. U bolaligidan otasi, tog‘asini ko‘rib harbiylikka havas qilardi. Hozir bu yerdagi askarlarni, ularning qurollar bilan harakatlari, chiqishlarini ko‘rib ko‘zimiz quvondi. Bir oyda farzandlarimizdagi o‘zgarishlarni ko‘rib to‘g‘risi xursand bo‘ldik. Buning zamirida, albatta katta mehnat yotibdi. Tadbir juda chiroyli, yaxshi kayfiyatda tashkil qilindi. Bundan juda xursandmiz. Barchaga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz, –deydi Dilafro‘z Bozorova.
Jizzax viloyatining qo‘shni Respublikalar bilan chegaradosh hududlari daxlsizligini ta’minlashga kirishish ostonasida turgan yurt o‘g‘lonlari ham safdoshlari singari ko‘ksiga qurolini mahkam bosib Vatanga qasamyod qildi. Tantanali marshdan so‘ng, muddatli harbiy xizmatchilarga Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining tabrigi yetkazildi. Shundan so‘ng, askarlar tomonidan qisqa vaqt ichida o‘zlashtirilgan himoya va hujumda qo‘l keluvchi jangovar elementlardan namunalar ko‘rsatildi.
Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlaridagi harbiy qismlarda tashkil etilgan tadbirlar davomida esa o‘z dilbandini harbiy libosda, safda shaxdam qadamlar bilan mag‘rur harakatlanayotganini kuzatgan ota-onalarning qalblari cheksiz quvonchga, dillari faxrga to‘ldi.
Bu yerda ham alpqomat o‘g‘lonlar o‘tgan qisqa vaqt mobaynida harbiy sohaning sir-asrorlarini o‘rganib, dastlabki ko‘nikma va bilimlarni o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘lganlarini ko‘rgazmali qo‘l jangi va jangovar chiqishlari orqali namoyish etdi.
Yoshu qarini bir yerga jamlagan shu kabi tadbirlar Farg‘ona viloyatidagi Quvasoy va Qo‘qon shaharlari hamda Farg‘ona tumanidagi Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlarda ham bo‘lib o‘tdi. Vatanimiz mustaqilligi, sarhadlarimiz daxlsizligi va yurtimiz tinchligi, osoyishtaligini so‘nggi nafasigacha himoya qilishga bel bog‘lagan o‘g‘lonlarga samimiy tilaklar bildirilib, kelgusidagi xizmat faoliyatlarida omadlar tilandi.
Shuningdek, tadbirlar davomida Vatan oldidagi o‘z yigitlik burchini o‘tab bo‘lish arafasida turgan muddatli harbiy xizmat oddiy askarlariga Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun beriladigan imtiyozli tavsiyanomalar tantanali tarzda topshirildi.
Vatanga qasamyod tadbirlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan Chegara qo‘shinlariga qarashli barcha harbiy qism va bo‘linmalarda ham katta tayyorgarlik ko‘rildi. Yosh askarlar mamlakatimizning turli hududlaridan yetib kelgan yaqinlarini ko‘rib nihoyatda xursand bo‘ldi.
– Juda hayajondaman. Bu onlarni necha kun davomida intiqib kutdik. Bugun ota-onamiz, yaqinlarimiz guvohligida Vatanimizga, xalqimizga, Prezidentimizga sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qildik. Endi ana shu ahdimizga munosib bo‘lib, yurtimiz sarhadlarini shijoat va matonat bilan qo‘riqlaymiz, – deydi muddatli harbiy xizmat oddiy askari Dilshodbek Ne’matov.
Haqiqiy bayramga aylangan tadbirlar davomida Chegara qo‘shinlari Ashula
va raqs ansambli xonandalari hamda el suygan san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.
Endilikda yurtparvar, fidoyi harbiylar safiga qo‘shilayotgan bu navqiron o‘g‘lonlarimizga kelgusida sarhadlar himoyasidagi xizmat faoliyatlarida hamisha omad va muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilab qolamiz.
Mayor Farida Bobojonova,
DXX Chegara qo‘shinlari