Chegara bojxona postida “Ochiq eshiklar” kuni
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasiga qarashli “Sirdaryo” chegara bojxona postida "Ochiq eshiklar" kuni tadbiri o‘tkazildi.. Unda Guliston shahridagi 9-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari “Sirdaryo” chegara bojxona posti faoliyati bilan tanishtirildi.
Yuk avtotransport vositalarini samarali bojxona nazoratidan o‘tkazishda foydalaniladigan eng zamonaviy skaner qiluvchi qurilmalar, qo‘l yuklarini skaner qiluvchi rentgen qurilmalari, ST-40 jamlanmalari, avto tarozilar, portal monitorlar, avtomobil raqamlarini aniqlash tizimlari to‘g‘risida ma’lumot berilib, ushbu qurilmalarning ishlash jarayoni ko‘rsatib o‘tildi.


Shundan so‘ng, bojxona organlari xodimlarining doimiy yordamchisiga aylangan xizmat itlari orqali bajariladigan yumushlar va topshiriqlar yuzasidan ular ishtirokida mahorat darsi ham o‘tildi.


–Bojxona posti bilan tanishuv nafaqat menda, o‘quvchilarimda ham katta taassurot qoldirdi,–deydi mazkur umumta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherali Yunusov. –Chunki chegara bojxona posti to‘g‘risida eshitganmiz, ular faoliyatiga oid teleko‘rsatuvlarni, filmlarni ko‘p ko‘rganmiz. Bugun ushbu tizim xodimlari faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Dildan suhbatlashib bojxonachalik kasbi, uning mas’uliyati to‘g‘risidagi ma’lumotga ega bo‘ldik. Eng asosiysi, tashrif davomida bojxonachi bo‘lish istagini bildirgan o‘quvchilarimiz ko‘p bo‘ldi. Ularbuning uchun qayerda, qaysi o‘qishda o‘qish, qaysi fanlarni chuqur o‘rganish kerakligi to‘g‘risidagi savollariga mutaxassislardan javob olishdi.


Umumta’lim maktabi ma’muriyati “Ochiq eshiklar” kuni tadbirlarini tez-tez o‘tkazish yuzasidan bojxona sohasi rahbarlari bilan o‘zaro kelishib olishdi. Chunki, bu kabi tadbirlar o‘quvchilarning dunyoqarashi kengayishi, sohaga qiziqishi ortishiga sabab bo‘lishi ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri