Chaqmoq qishlog‘ilik qatag‘on qurboni
31 avgust – Qatag‘on qurbonlari xotirasini yod etish kuni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishida qatag‘on qurbonlarini viloyat, tuman va shaharlar kesimida nomma-nom aniqlash, ularning hayoti va faoliyati, tarixiy xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni, arxiv va muzeylarda saqlanayotgan hujjatlarni to‘plash, o‘rganish, qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimizning avlodlari va yaqinlari, o‘sha davr voqealarini chuqur biladigan kishilarning xotiralarini yozib olish, oilaviy arxiv va kutubxonalarda saqlanayotgan tarixiy materiallar, noyob suratlarni to‘plash, shuningdek, qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini ilmiy tadqiq etish, ular haqida ilmiy-tarixiy kitoblar, badiiy va hujjatli filmlar yaratish yuzasidan qator vazifalar belgilab berilgan.
Ana shu vazifalar ijrosi doirasida Andijon davlat universiteti qoshidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi” rahbari, tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsuddinov tashabbusi bilan muhim ishlar olib borilmoqda.
Rustambek Shamsuddinov rahbarligida olib borilgan tadqiqotlar, o‘rganishlar natijasida nafaqat yurtimiz, balki sobiq sovet ittifoqi tarkibiga kirgan boshqa respublikalar arxivlarida saqlanayotgan, hali keng jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan ko‘plab hujjatlar o‘rganilib, nohaq mudhish qatag‘on davri qurboni bo‘lgan yuzlab yurtdoshlarimiz haqida ma’lumotlar keng jamoatchilikka e’lon qilindi.
Olimning sa’y-harakati bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti arxivida saqlanayotgan, 1937-1938 yillarda qatag‘on qurboni bo‘lgan shaxslarga oid hujjatlar o‘rganildi. O‘rganilgan hujjatlar, otuvga hukm qilinganlar orasida o‘zbekistonlik, o‘sha paytdagi Toshkent oblasti, Chirchiq rayoni, Chaqmoq qishlog‘ida tug‘ilgan, endigina 41 yoshni qarshilagan Toshmuhammad Soibov ham bo‘lgan.
Hujjatlarda qayd etilishicha, T.Soibov 1938 yil 21 fevralida Qozog‘iston SSR NKVDsi tomonidan qamoqqa olingan, RSFSR Jinoyat Kodeksining 58-, 2-, 8-, 9-, va 11-bandlari bilan ayblanib, NKVDning Janubiy Qozog‘iston oblasti “Uchligi” tomonidan otuvga hukm qilinib, hukm o‘sha kuni ijro etilgan.
1958 yil 15 fevralda Turkiston harbiy okrugi, harbiy tribunali qarori bilan unga tegishli jinoyat ishi tarkibida jinoyat bo‘lmaganligi uchun u reabilitatsiya qilingan.
T.Soibov anketasi quyidagi yozuvlar bilan to‘ldirilgan: T.Soibov 1898 yil Toshkent oblasti Chirchiq rayoni, Chaqmoq qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, to‘liqsiz o‘rta ma’lumotli, xizmatchi, 1935 yil 15 yanvardan Qozog‘iston Kompartiyasi Sayram rayon partiya komitetining birinchi sekretari lavozimida ishlagan, yashash joyi – Janubiy Qozog‘iston, Chimkent oblasti, Sayram rayoni, Sayram qishlog‘i.
Hujjatlar orasida Toshmuhammad Soibovning 1937 yil 22 dekabrda Qozog‘iston Kompartiyasi Markaziy Komiteti birinchi sekretari Levon Mirzoyan hamda Qozog‘iston o‘lka partiya komitetining ikkinchi sekretari Sodiq Nurpeisovga yo‘llagan rus tilidagi xati ham bor.
Xatda u nohaq ishdan bo‘shatilgani va hibsga olingani, tekshiruvchilar NKVD, prokuratura xodimlari Kuryashov va Zamanboyev tomonidan asossiz ayblar bilan ayblanganligi, sovet hukumati uchun kunu-tun, hatto oilasidan xabar olmay ishlayotganligi bayon etilgan. Jumladan, mazkur xat quyidagi bayonlar (ruschadan tarjima) bilan tugatilgan:
...“O‘rtoq Mirzoyan va Nurpeisov, men sizlarni ishontirib aytamanki, agar mening ishim partiyaviycha yoki NKVD yo‘li bilan tekshirilsa, menda partiyaviy xarakterga ega va menikidan kam bo‘lmagan Qozog‘iston Respublikasi hamda Janubiy Qozog‘iston oblastining barcha sekretarlarida ham mavjud bo‘lgan kamchiliklardan boshqa hech qanday jinoyat aniqlanmaydi.
Mening oilam (xotinim va ikki qizim) yurak xastaligi bilan kasal. Xotinim ikki yashar o‘g‘limni Chimkent va Xonkent orasida dafn qilgan. Shifokorlar ularni Toshkentda davolatishimni tavsiya qilmoqda. Sizdan o‘rtoq Otaniyozovga meni Yer-suv ishlari xalq komissarligidan ta’til olishimga va Markaziy Komitetdan moddiy yordam olishimga ko‘maklashishini buyurishingizni so‘rayman. Chunki men Qozog‘istonda 3,5 yil rayon partiya komiteti sekretari lavozimida ishlab hech qachon ta’tildan foydalanmaganman, oilamni Toshkentda davolatish haqida o‘ylamoqdaman va Sizlar Moskvadan qaytguningizcha ortga qaytaman.
Iltimos bilan (imzo)T. SOIBOV)
22/XII-1937 yil”.
O‘zbek tiliga tarjima qilinib, ilk bor e’lon qilingan ushbu maktub minglab yurtdoshlarimizni surgun va o‘limlarga giriftor qilgan mudhish qatag‘on davri, o‘sha davrdagi jirkanch siyosatning asl basharasini yana bir bor ko‘rsatib beradi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA