“Changʻi ajali” guruhidagi oʻzbek jangchilari...
Masalan, maxsus changʻi qismlarida xizmat qilgan oʻzbekistonlik jangchilar haqidagi maʼlumotlar biror bir manbaada yoritilmagan.
Gʻalabaning 75 yilligiga
Oʻzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan hissasi shu qadar ulkanki, ularning janglarda koʻrsatgan jasorat va matonatini tarixiy hujjatlar asosida koʻrsatib berish, yoritish tarixchilar oldidagi muhim vazifa hisoblanadi.
Ona Vatanimiz, millatimiz shaʼni, sharafini ulugʻlaydigan ana shu tarix hozirgacha toʻlaqonli tadqiq etilmagan. Yaʼni, Ikkinchi jahon urushida Oʻzbekiston xalqining ishtiroki, koʻrsatgan jasorati, Gʻalabaga qoʻshgan hissasi, shiddatli janglarda qurbon boʻlgan yurtdoshlarimiz haqidagi bor haqiqat, umuman, urush davrining juda koʻp qirralari hozircha roʻy-rost ochib berilgani yoʻq.
Masalan, maxsus changʻi qismlarida xizmat qilgan oʻzbekistonlik jangchilar haqidagi maʼlumotlar biror bir manbaada yoritilmagan.
Quyida Harakatdagi harbiy qismlarning changʻi batalyonlari hamda ana shu batalyonlar tarkibida dushmanga qarshi jang olib borgan ayrim oʻzbek askarlari, ularning taqdiri xususida qisqacha toʻxtalib oʻtamiz.
Maʼlumki, 1941–1945-yillarda fashizm bosqiniga qarshi olib borilgan janglarda Oliy Bosh qoʻmondonning 1941-yil 7-avgustdagi qarori bilan rezerv fronti 35-oʻqchi korpusi tarkibida tashkil etilgan 49-armiya qoʻshinlari katta jasorat koʻrsatgan. 49-armiya tarkibida 194-togʻ oʻqchi polki, 220-, 248-oʻqchi diviziyalar, 4-xalq lashkari, 396- artilleriya polki hamda bir necha alohida changʻichilar batalyonlari boʻlgan. Alohida changʻichilar batalyonlari safida oʻzbek jangchilari ham boʻlgan.
1941-yilning oktyabrida 49-armiya Gʻarbiy front tarkibiga kirgan va Kaluga rayonidagi Mojayon mudofaa chizigʻiga qayta joylashtirilib, “Mojaysk-Maloyaroslav” mudofaa operatsiyasida dushmanga qarshi janglar olib borgan.
Harbiy qismlarda changʻi batalyonlari tuzish va ulardan dushmanga qarshi janglarda foydalanish birinchi bor 1939–1940-yillardagi sovet-fin urushida qoʻllanilgan. Changʻi otryadlari dushman ortida jang va razvedka-diversion harakatlarini olib borishda katta muvaffaqiyatlar keltirgan.
Ana shu tajriba 1941–1945-yillarda fashizm bosqiniga qarshi olib borilgan harbiy operatsiyalarda ham qoʻllanilgan. Ayniqsa, qish oylarida, qalin qor sharoitida olib borilgan jang harakatlarida changʻi batalyonlari muhim rol oʻynagan.
1941-1942-yillarda Moskva ostonasidagi hal qiluvchi janglarda va qarshi hujumga oʻtish jarayonida 30 ta maxsus changʻi batalyoni jangchilari dushmanga qarshi mardonavor kurash olib borgan. Ogʻir janglarda alohida changʻi batalyonlari jangchilari dushman qamalini yorib oʻtishda eng yaxshi samara bergan. Nemis-fashist bosqinchilari changʻi batalyonlarining jangovar mahorati, jang olib borish uslublariga yuqori baho berib, ularni “Changʻi ajali” otryadlari deb nomlagan. Chunki ular urushning dastlabki yilidayoq dushmanning 3 ming nafardan ortiq askar va ofitserini yoʻq qilgan, 87 ta temir yoʻl postlarini portlatgan. Ayniqsa, changʻi batalyoni askarlari Moskva mudofaasi uchun boʻlgan janglarda mislsiz qahramonlik koʻrsatgan. Bundan tashqari, dushman ortida ham maxsus changʻi guruhlari jang olib borgan. Orlov, Jitomir, Chernigov, Gomel, Brest oblastlari va Polshani dushmandan ozod qilish uchun olib borilgan janglarda esa partizanlardan tuzilgan changʻi otryadlari dushmanga juda katta talofat yetkazgan.
Mudofaa xalq komissarining 1943-yil 23-oktyabrdagi “Changʻi qismlarini shakllantirish toʻgʻrisida”gi 6433-sonli buyrugʻidan soʻng changʻi batalyonlariga yana-da katta ahamiyat qaratildi. Biroq, buyruqni bajarishda joylardagi harbiy qoʻmondonliklar jangchilarning kasbiy, milliy mentaliteti, changʻidan foydalanish borasidagi malaka va koʻnikmasiga umuman eʼtibor qaratmadi. Natijada changʻi qism va batalyonlariga changʻi haqida umuman, tushunchaga ega boʻlmagan janubiy oʻlkalar vakillari, koʻplab oʻzbeklar, qozoqlar ham kiritildi. Togʻ va oʻrmon hududlarida oʻtkazilgan harbiy operatsiyalarda changʻida yurish va jang olib borish tajribasiga ega boʻlmaganligi oqibatida ularning aksariyati dushmanga qarshi janglarda halok boʻlgan.
Oʻzbekiston tarixining Ikkinchi jahon urushi mavzusiga bagʻishlangan manbalarida yurtdoshlarimizning changʻi batalyonlari tarkibida urush harakatlaridagi ishtiroki, berilgan qurbonlar haqida hech qanday maʼlumotlar berilmagan. Shu bois, alohida changʻichilar batalyonlari safida jang qilgan oʻzbek oʻgʻlonlarini nomma-nom aniqlash, ana shu yoʻnalishda tadqiqot ishlari olib borish tarixchilarimiz oldida turgan muhim vazifadir.
Biz quyida Belorus fronti changʻi batalyonlarida xizmat qilgan va janglarda halok boʻlgan oʻzbekistonlik jangchilaridan 10 nafari haqidagi maʼlumotlarni keltiramiz. Ushbu maʼlumotlar Oʻzbekiston va Belarus davlatlari hamkorligida 2019-yilda Minskda nashr etilgan “Pobeda odna na vsex. Belarus – Uzbekistan” kitobidan oʻrin olgan.
1. Oddiy askar Parpi Asqarov, oʻzbekistonlik, 1925-yilda tugʻilgan, 290-son oʻqchi diviziyasi maxsus changʻi batalyonida xizmat qilgan. 1943-yil 21-noyabrda Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Malosavinsk qishloq soveti Xondogi qishlogʻidagi jangda halok boʻlgan. Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Xondogi qishlogʻidagi birodarlik qabristoniga dafn qilingan, qabr raqami 4846.
2. Oddiy askar Asqarov Noʻmonjon, Oʻzbekistonda tugʻilgan, 290-son oʻqchi diviziya maxsus changʻi batalyonida xizmat qilgan, 1943-yil 20-noyabrda Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Malosavinsk qishloq soveti Xondogi qishlogʻida jangda halok boʻlgan. Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Xondogi qishlogʻidagi birodarlik qabristoniga dafn qilingan, qabr raqami 4846.
3. Qizil askar Aliqulov Olloqul, Samarqand oblasti Poyariq rayonida 1908-yilda tugʻilgan, 76-Yelnensk oʻqchi diviziyasi maxsus changʻi batalyonida xizmat qilgan, 1943-yil 2-dekabrda Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Malosavinsk qishloq soveti, Bobrovo shaharchasidagi jangda halok boʻlgan. Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Malosavinsk qishloq soveti Bobrovo qishlogʻi yaqinidagi birodarlik qabristoniga dafn etilgan, qabr raqami 4826.
4. Qizil askar Akbarov Ahmad, Fargʻona oblasti Margʻilon shahrida 1925-yilda tugʻilgan, 76-Yelnensk oʻqchi diviziyasi maxsus changʻi batalyonida xizmat qilgan, 1943-yil 18-noyabrda Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Malosavinsk qishloq soveti Bobrovo shaharchasidagi jangda halok boʻlgan, Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Bobrovo qishloq savxozidan 800 metr uzoqlikdagi birodarliq qabristoniga dafn etilgan, qabr raqami 4826.
5. Qizil askar Nosirov Salimon, qoraqalpogʻistonlik, 1924-yilda tugʻilgan, 62-son oʻqchi diviziya maxsus changʻi batalyonida xizmat qilgan, 1943-yilda Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Volekovsk qishloq soveti Kalinovka shaharchasidagi jangda halok boʻlgan, qishloq yaqinidagi birodarlik qabristoniga dafn etilgan, qabr raqami 4833.
6. Qizil askar Olloberganov Qurbonboy, Xorazm oblasti Xonqa qishloq soveti Kommuna kolxozida 1919-yilda tugʻilgan, 33-armiya 338-son oʻqchi diviziya maxsus changʻi batalyonida xizmat qilgan, 1944-yil 16-yanvarda Vitebsk oblasti Liozno rayoni, Liozno qishloq soveti Velikoye Selo qishlogʻidagi jangda yarador boʻlib, halok boʻlgan. Vitebsk oblasti Liozno rayoni Kanashkovo qishlogʻidagi birodarlik qabristoniga dafn etilgan, qabr raqami 4301.
7. Oddiy askar Ortiqov Alijon, Oʻzbekistonda 1910-yilda tugʻilgan, 290-son oʻqchi diviziya maxsus changʻi batalyonida xizmat qilgan, 1943-yil 24-noyabrda Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Malosavinsk qishloq soveti Xondogi qishlogʻidagi jangda halok boʻlgan. Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Xondogi qishlogʻidagi birodarlik qabristoniga dafn qilingan, qabr raqami 4846.
8. Oddiy askar Sharipov Muxtor, Oʻzbekistonda 1917-yilda tugʻilgan, 290-sonli oʻqchi diviziya maxsus changʻi batalyonida xizmat qilgan, 1943-yil 19-noyabrda Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Malosavinsk qishloq soveti Xondogi qishlogʻidagi jangda halok boʻlgan. Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Xondogi qishlogʻidagi birodarlik qabristoniga dafn qilingan, qabr raqami 4846.
9. Oddiy askar Yusupov Gʻoyib, Oʻzbekistonda 1923-yilda tugʻilgan, 290-sonli oʻqchi diviziya maxsus changʻi batalyonida xizmat qilgan, 1943-yil 29-noyabrda Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Malosavinsk qishloq soveti Xondogi qishlogʻidagi jangda halok boʻlgan. Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Xondogi qishlogʻidagi birodarlik qabristoniga dafn qilingan, qabr raqami 4846.
10. Oddiy askar Sultonov Muhammadjon, Toshkent oblastida 1903-yilda tugʻilgan, 290-sonli oʻqchi diviziya maxsus changʻi batalyonida xizmat qilgan, 1943-yil 23-noyabrda Vitebsk oblasti Dubrovo rayoni Malosavinsk qishloq soveti Xondogi qishlogʻidagi jangda halok boʻlgan. Vitebsk oblasti Durovensk rayoni Xondogi qishlogʻidagi birodarlik
qabristoniga dafn qilingan, qabr raqami 4846.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
Andijon davlat universiteti professori.