Byudjet pullari qayerga sarflanmoqda? (+video)
Davlat byudjeti xarajatlarining yarmidan ko‘pi, ya’ni 51,5 foizi faqat ijtimoiy sohaga - ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirildi. Bu degani, davlat siyosatida eng katta ustuvorlik inson va uning ehtiyojlari bo‘lib qolmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraksiyalarining yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi muhokama qilindi. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Jahon bozoridagi turli xavf-xatar va noaniqliklarga qaramay, raqamlar va iqtisodiy o‘sish dinamikasi ancha yaxshi.
Eng muhimi faktlarga qaraydigan bo‘lsak:
Aholi daromadlari oshib bormoqda. Statistika bo‘yicha aholining umumiy daromadlari 16,6 foizga o‘sgan. Yalpi ichki mahsulot (YAIM) esa 8,5 foizga oshib, 1 072,7 trillion so‘mga yetdi.
Davlat byudjeti xarajatlarining yarmidan ko‘pi, ya’ni 51,5 foizi faqat ijtimoiy sohaga - ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirildi. Bu degani, davlat siyosatida eng katta ustuvorlik inson va uning ehtiyojlari bo‘lib qolmoqda.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 33,4 foizga oshib, 12,4 milliard dollarga yetdi. Bundan tashqari, xizmatlar eksportiyam 36 foizga o‘sgan va yarim yil ichida yurtimizga 6,6 million xorijiy sayyoh kelgan. Shuningdek, yashil energiyada ham “sakrash” bor. Qayta tiklanuvchi manbalardan elektr ishlab chiqarish 20 foizdan ko‘proqqa oshdi. Endi tarmoqdagi umumiy elektr energiyasining 22 foizi aynan “yashil energiya” hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Qisqa qilib aytganda, iqtisodiy o‘sish sur’atlari dinamikasi davomiylikni saqlab qolgan.
Muhayyo Turdaliyeva, Iskandar Ismatov, O‘zA