Buyuk zotlarning yodi aslo unutilmaydi
Shunday insonlar borki, butun hayoti, faoliyatini yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘liga bag‘ishlaydi. Bunday insonlar har soniya, har daqiqa, hamma vaqt yaxshi nom, yaxshi xotiralar bilan yodga olinaveradi. Shubhasiz mamlakatimizning Birinchi Prezidenti, Mustaqil O‘zbekistonning asoschisi Islom Abdug‘aniyevich Karimovni ana shunday insonlar qatoriga qo‘shamiz.
Endi Birinchi Prezidentimiz oramizda yo‘q. Ammo tillarimizda, qalblarimizda, xotiralarimizda hamisha biz bilan birga, bizning oramizda. Agarda bugun hayot bo‘lganlarida 84 yoshni qarshilagan bo‘lar edi.
– Men ilk bora birinchi Prezidentimiz bilan 1998 yil 2 dekabr kuni “Oqsaroy”da yuzma-yuz uchrashganman, – deydi xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputati Anora Bobomurodova. – Tadbirda menga ham so‘z berishgan edi. Hayajonlanganimdan “Navoiylik xotin-qizlar sizni juda yaxshi ko‘rishadi. Siz tomoningizdan olib borilayotgan islohotlarga o‘z munosabatini bildirib, ularni amalga oshirishda munosib hissalarini qo‘shishmoqda”, deganimda: – Men ham ularni yaxshi ko‘raman, ularga hurmatim cheksiz. Mening minnatdorchiligimni ularga, albatta, yetkazing”, – degandi. Shundan keyin o‘tgan faoliyatim davomida o‘tkazilgan yig‘ilish, uchrashuv va tadbirlarda ishtirok etdim. Esimda, 2005 yil 27 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi yig‘ilishida nutq so‘zlaganlarida mamlakatimizda ikki palatali parlamentning faoliyat yuritishi barcha sohaga oid qonunchilikni rivojlantirishga imkoniyat yaratishi, qonun va qonunosti hujjatlarning xalq farovonligini oshirishga xizmat qilishi haqida gapirgan edi. Ana shu nutqni tinglar ekanman, Yurtboshimizning har bir masalaga qanchalik e’tibor berishi va taraqqiyotimizning huquqiy asoslarini belgilash uchun fidoyiliklariga guvoh bo‘ldim. 2008 yil yanvarda Prezidentlik lavozimiga kirishish uchun qasamyod qilganlarida Islom Abdug‘aniyevich Karimov parlament a’zolari ko‘z o‘ngida haqiqiy xalq yetakchisi sifatida namoyon bo‘ldi. Qasamyoddan so‘ng har bir viloyat vakillari bilan alohida-alohida viloyatdagi ahvol, qanday muammolar borligi va takliflar bo‘yicha yuzma-yuz so‘zlashganlari hech qachon yodimdan chiqmaydi.
“Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘zining Prezident sifatidagi butun hayoti va faoliyatini yurtimizda yangi davlat, yangi jamiyat barpo etish, mustaqilligimizni mustahkamlash, o‘zbek nomini, O‘zbekiston nomini butun dunyoga tarannum etishdek ulug‘ maqsadga bag‘ishladi. Xalqimiz mamlakatimizda istiqlol yillarida amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlarni haqli ravishda Birinchi Prezidentimiz nomi bilan bog‘laydi”, deb ta’kidlagan edi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev.
Yodimda, 2016 yil 2 sentyabr. Televizordan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning olamdan o‘tgani e’lon qilinganida, butun oilamiz bilan yig‘laganimiz rost. O‘sha yili birinchi sinfga qadam qo‘yayotgan qizim E’zoza bolalarcha fikrlab, shunday degan edi: “Dada, endi menga kim kitob-daftar beradi. Axir Javohir akamga (ukamning o‘g‘li) o‘tgan yili Prezident bobom sovg‘a bergan edi. Nima endi bizga hech kim sovg‘a bermaydimi?”.
Ulug‘ Yo‘lboshchimiz davom ettirgan ish aslo to‘xtab qolmadi. Demakki, sarbon borki, karvon yo‘ldan adashmaydi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA