Buyuk siymolar merosi – millatimiz xazinasi (+video)
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi hamda shoh va adib Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy kechalar, davra suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Poytaxtimizdagi 280-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Buyuk siymolar” mavzusida o‘tkazilgan tadbir ham aynan shu ikki ajdodimiz hayoti va ijodiga bag‘ishlandi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar diyorimizda keyingi yillarda xalqimizning boy madaniy merosi, ayniqsa ulug‘ bobokalonlarimiz Navoiy va Bobur hamda boshqa ko‘plab allomalar tomonidan yaratilgan nodir, bebaho asarlarning jahon taraqqiyoti, ilm-fani rivojidagi ahamiyati, shuningdek yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni xususida fikr bildirdilar.
– Navoiy va Boburning adabiyot, tarix, tilshunoslik, huquqshunoslik, musiqa va geografiyaga oid asarlari tarix haqida benazir ma’lumotlar berishi barobarida o‘sha davr yozma manbalarini o‘rganishda ham muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi yozuvchi va tarjimon Asror Allayorov. – Ularning butun dunyoga ma’lum va mashhur ijodkor sifatida amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari, ilm-ma’rifat rivojiga qo‘shgan ulkan hissalari har bir yurtdoshimiz qalbiga surur baxsh etadi.
Darhaqiqat, bu ikki daho shaxsning ijodi bir xazinaki, kelajak avlodlar uchun misoli tuganmas ma’naviy boylikdir. Binobarin, ular yaratgan bebaho asarlar makon va zamon tanlamas.
Tadbirda iqtidorli o‘quvchilar Hazrat Navoiy va Bobur bobomizning hayoti va ijodi, boy ma’naviy merosi, asarlari, nodir devonlari, Vatan sog‘inchiga yo‘g‘rilgan g‘azal va ruboiylaridan o‘qib berishdi. Yoshlar ijrosidagi musiqali chiqishlar, sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dnwdTz0uNfE" title="Buyuk siymolar merosi– millatimiz xazinasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘.Alimov, N.Abduvoitov (video), O‘zA