Buyuk maʼrifatparvar adib
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan buyuk maʼrifatparvar adib, jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 145-yilligiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.
Behbudiy tavalludining 145-yilligiga
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan buyuk maʼrifatparvar adib, jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 145-yilligiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.
Adabiyotshunos olimlar, yozuvchi-shoirlar, yosh ijodkorlar ishtirokidagi tadbirda maʼrifatparvar ijodkor Behbudiy hayoti va ijodi haqida gap bordi. Uning ilmiy faoliyati alohida eʼtirof etildi. Badiiy asarlaridan namunalar keltirildi.
– Behbudiy dunyosiga sayr etish maʼrifat bulogʻidan bahra olish bilan barobar, – deydi filologiya fanlari doktori Nurboy Jabborov. – U oddiy inson boʻlmagan, u butun umrini maʼrifatga baxshida etgan mukammal shaxs boʻlgan. Odamlarni oʻz haqqini talab qilishga undagan, ilm orqali koʻp narsaga erishish mumkinligini isbot etgan. Jamiyatda vaqtli matbuotlarning muntazam chiqishi, taqiqlardan xoli boʻlishini xohlagan va buning uchun kurashgan.
Buyuk maʼrifatparvar alloma, yozuvchi, dramaturg va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiy 1874-yilning 19-yanvarida Samarqand shahrida muftiy oilasida dunyoga keldi.
Qrim-tatar allomasi Ismoil Gʻaspirali (Gasprinskiy) va u bosh muharrirligidagi “Tarjimon” gazetasi Mahmudxoʻja Behbudiyning buyuk maʼrifatchi va oʻzbek jadidchilik harakati rahbarlaridan biri boʻlib yetishishida muhim ahamiyat kasb etdi.
1912-1913-yillarda Behbudiy Samarqandda “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnaliga asos soladi. 1914-yilda yana Turkiya, Misrga borib, u yerdan muhim kitoblar, oʻquv qoʻllanmalarini olib keladi, yangi usuldagi maktab dasturi ustida ishlashga kirishadi. Biroq u turli xil toʻsiqlarga uchraydi; “jadidlar rahnamosi”, “dahriy” degan tahdidlar bilan faoliyatiga chek qoʻymoqchi boʻlishadi.
Shunga qaramay, u sobit iroda bilan maorif, taʼlim-tarbiya ishlarini amalga oshirishga kirishadi; maʼrifatparvar sifatida xalq hurmatiga sazovor boʻladi. U bir nechta Sharq va Gʻarb tillarini bilgan yuksak madaniyat sohibi boʻlishi barobarida umuminsoniy qadriyatlarning tolmas targʻibotchisi ham edi.
Behbudiy oʻzbek va fors-tojik tillarida oʻnlab asarlar, ikki yuzdan ortiq maqola yaratgan. Jumladan, “Muntaxabi jugʻrofiyai umumiy” (“Qisqacha umumiy jugʻrofiya”, 1903), “Kitob-ul-atfol” (“Bolalar uchun kitob”, 1904), “Muxtasari tarixi islom” (“Islomning qisqacha tarixi”, 1904), “Amaliyoti islom” (1905), “Russiyaning qisqacha jugʻrofiyasi” (1908) kabi darsliklar va kitoblar yozgan.
Maktab va maorif ravnaqiga, milliy madaniyat taraqqiyotiga oid qarashlari esa ana shu ilgʻor gʻoyalar markazida boʻldi. Ayni chogʻda u yangi usuldagi maktablar asoschisi va targʻibotchisi, yangi darsliklarning ilk muallifi ham edi. U buyuk maʼrifatparvar va yetakchi jadidchi sifatida milliy madaniyatimiz tarixida mustahkam oʻrin egallaydi.
Behbudiy dramaturg sifatida “Padarkush yoki oʻqimagan bolaning holi” dramasini yaratgan. Bu asarida u savodsizlik, johillikning ayanchli oqibatlarini koʻrsatib, yoshlarni ilmli, madaniyatli boʻlishga chaqiradi. Pyesa 1911-yilda yozilib, 1912-yilda “Turon” gazetasida bosiladi. 1913-yilga kelib Samarqandda kitob holida chop etilgan “Padarkush” katta qiyinchilik va qarshiliklarga uchrab, nihoyat 1914-yilning 15-yanvarida Samarqandda sahna yuzini koʻradi. 27-fevralda esa Toshkentda, Abdulla Avloniy asos solgan “Turon” teatr truppasi tomonidan namoyish etiladi. Va ushbu sana, yaʼni 1914-yilning 27-fevrali oʻzbek milliy teatriga asos solingan kun sifatida tarixga kirdi.
Behbudiyning mazkur sahna asari birinchidan, millatni maʼrifat va taraqqiyot sari undashda buyuk rol oʻynagan boʻlsa, ikkinchidan, professional oʻzbek teatri va dramaturgiyasining maydonga kelishi hamda taraqqiyotida muhim asos boʻlib xizmat qildi. Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” dramasi, Mirmuhsin-Fikriyning “Befarzand Ochildiboy”, Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Yangi saodat” kabi qissalarining yaratilishiga turtki berdi.
Albatta, Behbudiyning xalq oʻrtasida ortib borayotgan obroʻ-eʼtibori nafaqat amirlikning, balki bolsheviklarning ham reja va niyatlariga zid edi. 1919-yilda xorij safariga chiqqan Behbudiy Qarshida ushlanib, Buxoro amiri Said Olimxon buyrugʻi bilan qatl qilinadi.
Sadriddin Ayniy allomaning fojiali vafoti munosabati bilan bunday yozgan: “Jafokash shoir Behbudiyning nomini musulmon Sharqi hurmat bilan tilga oladi, chunki u 20 yil mobaynida oʻzining ongi va insoniy qadru qimmatini bilgan barcha mavjudotni erkin hayot, nur va maʼrifat uchun kurashga chorlab keldi”.
1977-yili allomaning asarlaridan saralangan “Saylanma”si chop etildi, asarlari darslik va qoʻllanmalarga kiritildi, bir qator maktab, koʻcha va mahallalar uning nomiga qoʻyildi.
Mahmudxoʻja Behbudiy haykali poyida oʻtkazilgan tadbirda yigʻilganlarga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Soʻz chamani” rukni ostida chop etilgan kitoblar tarqatildi.