Buyuk ipak yo‘li tarixi bilan chambarchas bog‘liq maskan
Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni tarixi Buyuk ipak yo‘li tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Sharqni g‘arb bilan bog‘lovchi savdo yo‘li tufayli mintaqada madaniyat yanada rivojlandi.
2024 yilda Shinjon hukumati sayyohlik sohalarida bir qator infratuzilma loyihalarini boshladi, mahalliy turizm resurslarini rivojlantirishda ishtirok etish uchun yirik korxonalarni jalb qilish maqsadida transchegaraviy turizm va xalqaro turizm sohasidagi hamkorlik zonalari uchun tajriba zonalarini yaratdi.
Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga tashrif buyurgan o‘zbekistonlik jurnalist va olimlar «mintaqa yuragi» deb ataladigan Qashqar shahriga ham bordi. Qashqarda mahalliy aholi o‘z urf-odatlari va an’analarini asrab qolgan va shahar ko‘chalari hali ham o‘z tarixini saqlab kelmoqda.
Qashqar shahri Tarim vodiysining eng g‘arbiy qismida xuddi shu nomdagi vohada joylashgan. U uchta daryodan suv ichadi. Shahar deyarli har tomondan tog‘lar bilan o‘ralgan, shimolda Tyan-Shan, janubda Kunlun va sharqda Taklamakan cho‘li cho‘zilgan. Iqlimi nisbatan quruq, ammo shunga qaramay, Qashqar vohasi Shinjondagi eng serhosil joylardan biri hisoblanadi. Bu yerdagi tuproq juda unumdor va serhosil bo‘lib, nafaqat don, balki paxta, shuningdek, turli mevalar ham yetishtiriladi. Bugungi kunda Qashqar aholisi 570 mingdan ortiq kishini tashkil etadi.
O‘rta asrlarda Qashqar buyuk Ipak yo‘lidagi eng muhim savdo nuqtasi bo‘lib, u yerdan karvonlar g‘arbga (Farg‘ona vodiysiga), janubga (Kashmirga), janubi-sharqqa (Xotan va Keriyaga) va shimoli-sharqqa (Turfanga) borgan. Qashqarga tashrif buyurgan birinchi yevropalik Marko Polo (1273) bo‘lib, u shaharda cherkovlar mavjudligini ta’kidlagan.
Qashqar Shinjonning madaniy poytaxti. Shaharning har bir burchagi, har bir ko‘chasi tarixga boy. Shinjonning boshqa shaharlaridan farqli o‘laroq, Qashqar an’anaviy musulmon me’morchiligi va diniy yodgorliklarning ko‘pligi bilan ajralib turadi. Bu yerga taniqli filosof Yusuf Xos Xojib dafn qilingan. Uning qabri Eski shahar qismida.
Qashqarning asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri bu, Markaziy Osiyodagi eng yirik masjidlardan biri bo‘lgan Iydgoh Jome’ masjididir. Bu yerda juma kunlari 10 mingga yaqin kishi namoz o‘qiydi. Iydgoh masjidi Xitoy musulmonlari uchun o‘ziga xos ziyoratgoh hisoblanadi. Xitoydagi eng yirik masjid bo‘lmish Iydgoh obidasi Markaziy Osiyo me’morchiligi uslubida 1442 yilda qurilgan(ammo poydevorning yoshi ancha katta ekani aytiladi). Keyinchalik u kengaytirildi va qayta qurildi. Qashg‘arning Markaziy maydonida joylashgan masjid – umumiy maydoni 1,6 gektar bo‘lgan ansamblning bir qismi sanaladi.
Bir narsani ta’kidlashni istardim, u ham bo‘lsa, Xitoydagi musulmon masjidlari bog‘lari bilan ajralib turadi. Bir necha asrlar davomida bog‘bonlar bu yerda eng noyob, eng chiroyli va xushbo‘y o‘simliklar va daraxtlarning to‘plamlarini to‘plashdi. Hovli ustunlar bilan portikos bilan o‘ralgan, u yerda issiqdan saqlanish mumkin bo‘ladi. Namozxonaga kirish eshigi oldida hovuz bo‘lib, uning suvlaridan odamlar tetiklanadilar. Masjid shunday qurilganki, uning zalida shabada esib, bu yerga ibodat qilish uchun kelganlar uchun qulaylik yaratadi.
Masjiddan chiqib, siz do‘konlarga duch kelasiz: matolar, gilamlar, kulolchilik, mis ko‘zalar va chinni vazalar, torli va puflama asboblar, kiyim-kechak, ziravorlar, choy, shirinliklar – bu yerda hamma narsani sotib olish mumkin.
Qashqar Buyuk ipak yo‘li singari qadimiy bo‘lib, shahar boy tarixga ega. Shaharning tarixiy binolari Buyuk ipak yo‘li karvonlari bu yerda qanday dam olgani va yashaganligini ko‘rsatib beradi. Bir necha asrlar davomida binolarning uslubi deyarli o‘zgarmagan. 8-asr mehmonxonasini 14-asrda qurilganidan ajratish oson emas. Bu noyob arxitektura bo‘lib, unda Xitoy uylariga xos bo‘lgan dekorativ xususiyatlar ham bor.
Eski shahar odatda uyg‘urlar istiqomat qiladigan mahallalardan iborat. Bu yerdagi uylar past – 2-3 qavat bo‘lib, ko‘pincha hovli bilan ajralib turadi. Odatda birinchi qavatda har doim do‘kon yoki ustaxona bo‘ladi. Ko‘chalar tor, shuning uchun uylarning devorlari bir-biriga va o‘tkinchilarga soya soladi. Maydonlardagi qadimiy daraxtlar ostida keksa odamlar dam oladi, qushlarning xonishini tinglaydi, choy ichadi va shaxmat, domino o‘ynaydilar. Barcha tarixiy va diqqatga sazovor joylar Eski shaharda joylashgan.
Qashqar o‘lkashunoslik muzeyi 1992 yilda tashkil etilgan. Asosiy ko‘rgazma – «Shinjondagi Ipak yo‘li va tarixiy yodgorliklar». Buyuk ipak yo‘li tarixi va uning merosini ko‘rsatish uchun bu yerda turli davrlarga oid tarixiy asarlar va boshqa ko‘p narsalar to‘plangan.
Navbatdagi manzil Yangisar uyezdida joylashgan Dorbozlar maktabi bo‘ldi. Yigit-qizlarning dor o‘yinlari O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarida katta taassurot uyg‘otdi. Tomoshalarni ko‘rib birga hayajonlandik, birga zavqlandik. Ularning ishlariga omadlar tiladik.
Qashqarga tashrif buyurganingizda, albatta, shahar yaqinida joylashgan Yangisar uyezdidagi kulolchilar va pichoqsozlar qishloqlariga borishni unutmang. Bizlarni Qashg‘arning eng yaxshi hunarmandlari ming yillar davomida o‘zlarining noyob asarlarini yaratib kelayotgan qishloqlarga ham olib borishdi. Bugungi kunda kulolchilar va pichoqsozlar qishloqlarida bir necha ming aholi istiqomat qiladi, ularning aksariyati an’anaviy hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi. Bu qishloqlarga har yili minglab sayyohlar hunarmandlarning ish jarayonini kuzatish uchun kelishadi. Bir necha avlod vakillari yuz yillar davomida o‘z uylarida yashab kelmoqdalar. Ustaxonalar va do‘konlar shu yerda. Siz quyma qilish uchun metallni qanday qizdirilayotganini, qanday qilib bolg‘alar zarbi qizigan temirni yumaloqlashini ko‘rishingiz mumkin. Bu yerda pichoqlar, qirg‘ichlar va xanjarlar zarb qilingan va ular uchun qinlar qilingan. Kulolchilik ustaxonasida kulol oyog‘i bilan doirani aylantiradi va loy bo‘lagi tebranib, go‘zal idishga aylanadi. Hunarmandlar shaftoli va o‘rik yog‘ochidan noyob jihozlar yasashlariga guvoh bo‘ldik. Qishloq ko‘chalaridagi ariqlarda suvlar oqishini ko‘rish ham kishiga zavq bag‘ishlaydi. Hatto kun jaziramasida ham mahalliy aholi va mehmonlar choyxonalar va restoranlar atrofidagi hovuzlar ustidagi so‘rilarda o‘tirishadi.
Hunarmandlarning bu mahallasi uyg‘ur xalqining madaniyati va turmush tarzi bilan tanishish uchun eng yaxshi joy.
Shinjon mevalari va boshqa qishloq xo‘jaligi tovarlari, xususan uzum, qovun, nok, paxta, bug‘doy, ipak, yong‘oq va qo‘ylar bilan mashhur. Shinjonda Xitoyning 90 foizi, dunyoning 20 foiz paxta hosili yetishtiriladi. Paxtaning 80 foizdan ortig‘i mashinalar tomonidan yig‘ib olinadi. 2022 yilda Shinjonda paxta ekin maydoni qariyb 2,5 million gektarni tashkil etdi, mintaqada 6,3 mingdan ortiq paxta yig‘im-terim uskunalari mavjud. Belgilangan dastur so‘nggida o‘zbekistonlik mehmonlar Ko‘hnashahar (Shufu) uyezdi paxtazorlarida ham bo‘lib, paxtakorlar faoliyati bilan tanishdi.
Eng so‘nggi manzil Ko‘hnashahar (Shufu) uyezdigi Milliy musiqa asboblari muzeyi bo‘ldi. Muzeyda milliy musiqa asboblari saqlanadi. Shuningdek, kattaligi bo‘yicha Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan tor, dutor, tanbur, rubob, doira kabi musiqa asboblarini ko‘rishingiz mumkin.
Bu yerda xalq cholg‘u asboblari ijrosida musiqa tinglash va qo‘shiq eshitish imkoniyati bor. Iltimosimizga binoan san’atkorlar «Guloyim» qo‘shig‘ini kuylab berishdi.
Shu bilan Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga qilingan yetti kunlik safarimiz nihoyasiga yetdi. Safardan chiqargan xulosam shu bo‘ldiki, mintaqaning shahar va qishloqlarida odamlarning o‘zlari ozodalikka katta e’tibor qaratishar ekan. Biror joyda chiqindi yoki axlat qoldiqlari ko‘zga tashlanmaydi. Urumchi, G‘ulja, Qashqar yo‘llari tekis, ravon. Ko‘chalari top-toza. Shaharlarda ham, qishloqlarda ham bakalashkalar tugul, pista po‘chog‘ini uchratmaysiz. Xizmat ko‘rsatish a’lo darajada.
Ha, aytgancha Qashqar ko‘chalarida to‘y marosimlarini, to‘g‘rirog‘i, kelin va kuyov tushgan avtomobillar karvonini ko‘rib qoldik. Gul, gilam va lentalar bilan bezatilgan to‘y karvonining boshida ketayotgan yengil mashinalarning yukxonasida surnay va nog‘orachilar o‘tirib olib milliy kuylarni ijro qilib ketar ekan. Bu jarayon ham bizga qiziq tuyuldi.
Ha, aytgancha, dasturda bo‘lmasa ham Xitoy Xalq Respublikasi asoschisi Mao Szudin haykali oldida suratga tushdik. Bu ham bir tarix.
Sharofiddin To‘laganov.