Buyuk g‘alabani gospitalda nishonladim
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19 fevraldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mas’ullar, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga Prezidentimizning tabrigi yetkazilib, ularga sovg‘a-salomlar va pul mukofotlarini topshirilmoqda.
Bugungi kunda Andijon viloyatida uch nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi hamda 200 nafarga yaqin frontorti mehnat faxriylari el-yurt ardog‘ida hayot kechirmoqda.
Ikkinchi jahon urushi janggohlaridan omon qaytgan yurtdoshlarimizdan biri Paxtaobod tumani, Bobur mahallasida yashayotgan, bir asr bilan yuzlashgan tabarruk inson Umarali ota Otaboyevdir.
Bir guruh faxriylar, faollar Umarali ota Otaboyevni yo‘qlab, uning xonadonida bo‘ldi, bayram bilan muborakbod etdi.
Umarali Otaboyev 1942 yilning avgust oyida urushga safarbar qilingan. Ma’lum tayyorgarlikdan so‘ng 1- Ukraina frontiga qarashli qo‘shinlar tarkibida jangga kirgan. Ukraina, Polsha, Chexiya singari qator davlatlarni fashist bosqinchilaridan ozod etishda qatnashdi. 1944 yilning oktyabr oyida yelkasidan jarohat olib, Rostov oblastidagi gospitalda davolangan. Davolanib chiqgach, yana frontga ketadi. 1945 yilning fevralida Germaniya hududidagi janglarning birida jarohat olib, yana gospitalga tushib qoladi.
Umarali ota buyuk g‘alabani shifoxonada kutib olgan. Davolanib chiqgach, 1945 yilda uyiga, Paxtaobodga qaytgan.
Urushdan sog‘-omon qaytgan Umarali ota oila qurdi, qator farzandlarni tarbiyalab, el qatoriga qo‘shdi, Yurtimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qildi.
– Biz ko‘rgan urush balosini farzandlarimiz aslo ko‘rmasin, – deydi qahramonimiz. – Shukrlar bo‘lsin, bugun Vatanimiz tinch, osmonimiz musaffo. Yoshlarimiz bugungi tinch va farovon hayotning qadriga yetsin. Tinchligimizga ko‘z tegmasin.
Ko‘rsatilgan hurmat-e’tibordan mamnun Umarali ota yurtimizga tinchlik, osoyishtalik va qut-baraka tilab, duo qildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari