Buyuk Britaniya elchisi Surxondaryoda
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Timoti Smartni qabul qildi.
Uchrashuvda mehmonga vohaning iqtisodiy imkoniyatlari, boy tarixiy merosi va tabiiy salohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Buyuk Britaniya kompaniyalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama etildi.
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy sohalarda ham yangi bosqichda izchil rivojlanmoqda. Shunga muvofiq tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, Buyuk Britaniya kompaniyalarini janubdagi viloyatda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga jalb etish yuzasidan fikr almashildi.

Elchi janoblari boshchiligidagi delegatsiya “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasi, “Termez Kargo Sentr” logistika markazi va boshqa ob’ektlarda bo‘ldi. Viloyatdagi tarixiy obidalar, arxeologik yodgorliklar va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri