Buyuk allomalarning XX asrdagi vorisi
Imon halovati va ibodat huzurining oʻziga xos, misli yoʻq nashʼasi bor.
Inson hayotida shunday lahzalar boʻladiki, u qancha davom etishidan qatʼiy nazar oʻsha damlarning shukuhi bir umr kishini tark etmaydi, doim munavvar tuygʻular qoʻzgʻaydi, yodi ezgu amallarga turtki boʻlaveradi. “Hurriyat” gazetasida ishlab yurgan paytimda shunday xush ayyomlarga yuzma-yuz boʻldim, oʻshandagi kabi hozir ham u tafsilotlar tiynatimda bir yorugʻlik misol jonlanadi. 2003-yil gazetaning avgustdagi sonlarining birida roʻza oyini kechirgan kishining taassurotlari ifodalangan “Istigʻfor” sarlavhali maqola eʼlon qilindi. Unda, jumladan, “Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Imon” kitobini oʻqidim” degan, yana keyingi kunlar sharhida “Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf janoblarining badia tarzida dunyoga kelgan “Imon” risolasida bayon qilingan fikrlarni jami moʻminlarga yetib borishini taʼminlagan jamiyat ham ancha oldinga ketgan boʻlardi” degan gaplar bor edi. Toʻgʻrisi, ana shu kamtarona eʼtiroflar ham kimlargadir yoqmagan va maxsus idoradan vakil kelib, masalaning mohiyati bilan, yaʼni buning tagida nima gap borligi bilan qiziqqan. Gazeta uchun masʼul boʻlgan Ismat Xudoyorovni ancha qistovga olib, “Nega bunday yozadi, shayx bilan muallifning tanishligi bormi yoki oʻzi maxsus aytib yozdirgandir?” singari iddaolar qiladi. (Rosti, oʻsha yillar taqsirga munosabat shu darajada edi).
Men rahbarga bor gapni aytdim, domlani sirtdan bilaman, hech qanday munosabatim yoʻq, kitoblarini maʼqul koʻrib oʻqiganman, dedim. Har holda, ortiqcha izohga hojat ham qolmadi, buni birov talab ham qilmadi. Keyinchalik gap orasida voqeani hamkasblardan biriga soʻzlab bersam, bir oz hayron qolib, “Yaxshisi, yozganlaringizni hazratga koʻrsating, imkonini topsangiz, oʻqitib oling, ul zot yaxshi-yomonni juda farqlaydilar, hatto kitob qilib chiqarishga yordam ham berishlari mumkin”, deb qoldi va uy telefonlarini topib berdi. Vaqtni oʻtkazmay bogʻlandim, gap nimadaligini tushuntirdim. Xullas, bir oʻqib koʻrishga rozi boʻldilar. Sentyabrning oʻrtalarida xonadonlariga yetkazdim, ikki kun oʻtib qoʻngʻiroq qilsam, “Kechikdingiz, safarga ketib qoldilar” deyishdi. Umid bilan bir mujda kuta boshladim va oktyabrning oxirlarida, nihoyat, muborak ovozlarini eshitish nasib etdi. Mamnuniyat bilan “Oʻshanda oʻqib qoʻygan edim. Maʼqul, menga juda maʼqul. Endi bir doʻstingizning taklifi bilan roʻza tutibsiz, mening daʼvatim bilan shu xilda namoz kitobini ham yozib berasiz” dedilar andak mutoyiba aralash. Oradan bir oz oʻtib, chorladilar, xonadonlariga qadam qoʻydim, minnatdorchilik bildirib, muborak qogʻozni oldim. Unda shunday soʻzlar darj etilgandi:
“Bismillahir rohmanir rohim.
Ishlab oʻtirgan edim. Bir kishi sim qoqib soʻrayotganini aytishdi. Ulab qoʻyishlarini iltimos qildim. Yangi tanish roʻza toʻgʻrisida bir narsa yozganini, u matbuotda qisman nashr qilinganini, oʻquvchilar turli fikrlar aytganlarini va mening ham fikrimni bilmoqchi ekanini aytdi. Bir necha bor sim orqali muloqotdan keyin yuzma-yuz uchrashdik.
Muhtaram Hakim Sattoriy bizda koʻpchilik eski mafkuraga oʻrganib qolganidan ibodatga bemalol kirishib keta olmayotgan shaxslar ham borligini, roʻza haqida oʻzi yozgan asar oʻsha toʻsiqni yoʻq qilishga xizmat qilarmikan, degan umidda ekanligini aytdi. Bu gap eʼtiborimni tortdi. Birovning yozganini koʻrib berishga ragʻbatim va imkonim yoʻqligiga ham, chet el safariga shaylanib turganimga ham qaramasdan qogʻozlarni olib qoldim.
Dastlabki sahifani oʻqish bilan qiziqish ortib, borini oʻqib chiqdim va safar davomida ham “Istigʻfor” haqida gapirib yurdim. Bu asardagi gaplar mullaning odatdagi vaʼzi ham, ilmiy bitigi ham emas, balki roʻza ibodatini oʻz boshida yashagan kishining dil soʻzlari edi. Roʻza tutgan kishining, bu ajoyib ibodatni yashab, atroflicha huzur qilgan shaxsning oʻz oʻquvchilari bilan ibodat huzurini baham koʻrishi edi.
Imon halovati va ibodat huzurining oʻziga xos, misli yoʻq nashʼasi bor. Xuddi oʻsha holat muhtaram Hakim Sattoriyning koʻziga roʻza tutganlarni malak kabi, tutmaganlarni boshqacha qilib koʻrsatgan. U kechagina beparvolik bilan nazar solgan narsalarga bugun boshqacha koʻz bilan qaraydi. Qarib quyilmagan kasbdoshining beodobligini koʻrganda gʻashi keladi. Oʻgʻli bilan uyiga kelgan yigitning bir necha yildan buyon roʻza tutayotgani unga hurmat bilan qarashiga sabab boʻladi.
Yozuvchi oʻzi oʻqib yurgan islomiy kitoblardagi teran maʼnolarni ham roʻza tufayli yana-da chuqur anglab yetadi va oʻzidan ham ajoyib fikrlarni qoʻshadi. Asar oʻquvchini roʻza ibodatining avvalgi kunidan rom qilib, ramazon hayitini bayram qilish bilan nihoyasiga yetadi.
“Istigʻfor” oʻziga xos yangi tajriba boʻlganida shubha yoʻq. U haqida baʼzi fikrlarimizni eshitgan kishilar oʻqishga ishtiyoq bildirganlari ham shunga dalolat. Muhtaram Hakim Sattoriy janoblarini bu asar bilan qutlash barobarida, tajribani davom ettirib, namoz haqida shunga oʻxshash asar bitishlaridan umidvor boʻlib, duolar qilib qolamiz.
Muhammad Sodiq MUHAMMAD YUSUF
2003-yil, noyabr.”
Toʻgʻrisi, oʻsha yillari xalqimiz tabiatiga toʻgʻri kelmaydigan qarashlar (turli tafriqalar, munosabatlar) turmushimizga tiqishtirilgan, kimning kimligini ajratish qiyin boʻlib qolgandi. Shunday sharoitda din peshvosi, yirik ruhoniy alloma sifatida ul zotning ham bu boʻhrondan chetda qolishi mumkin boʻlmagani rost. Munosabat ham qaltis, ochigʻi, bitta boltakesarning gapi yetmay turardi. Hazratdan tisarilish, oʻzini olib qochish hollari ham boʻlgani bor gap. Men esa bularga parvo qilmay, oʻz hurmatimni saqlagan holda telefonlashib, baʼzan maslahatlar soʻrab turdim. Taqsirning iltifoti bilan Mirshohid ismli noshir yigit koʻmagida “Istigʻfor” risola ham boʻlib chiqdi (“Movarounnahr” nashriyoti, 2004-yil. Noshir Mubashshir Ahmad).
Shayx bilan baʼzan yigʻinlarda uchrashib turdim, eski qadrdonlarga xos samimiy muomalalaridan bahramand boʻldim. Har yili Fransiya elchixonasi Bastiliya qalʼasi egallangan va monarxiyaga chek qoʻyilgan 14-iyulni oʻziga xos nishonlaydi: shu kuni poytaxt jamoatchiligidan vakillarni taklif qilib, ziyofat beradi. 2005-yil edi, chamasi, men ham bordim. Elchixona darvozasiga yaqinlashar ekanman, uzoqdan hazratga koʻzim tushdi. Taqsir bir oʻzlari kelar, atroflarida hech kim yoʻq, ochigʻi, birov borib salomlashmasdi ham (nima deysiz, oʻzbekchilik!) Men borib salomlashdim (chunki mansabdor emasman, yoʻqotadigan narsam yoʻq), hali eshik ochilishiga vaqt bor ekan, bir oz gaplashib turdik. Hazratning zohiridan hech narsani anglab boʻlmas, doimgidek sokin va osoyishta kayfiyatda edilar. Qancha turgan boʻlsak, birov kelib salomlashgani yoʻq, yo tanishlardan hech kim kelmagan, yo kelganlar oʻzidan qoʻrqardi, goʻyo yaqinlashsa, kursisiga putur yetadigandek – boshqa nima ham boʻlishi mumkin? Keyinchalik, hammaga maʼlumki, hazratning mavqei butunlay tiklandi, ul zot xalqimizning ardogʻidagi kishiga aylandilar. Bunday holga yana bir safar — Samarqanddagi Imom Buxoriy ilmiy markazida tahsil olgan imomlarning uchrashuvida qatnashib, shaxsan guvoh boʻldim. Turli viloyatlardan yigʻilgan masjid imomlari ul zotga nurga talpingandek intilar, jinday iltifotlariga muyassar boʻlishga, eʼtiborlariga tushishga jiddu jahd qilishardi. Shayx hazratlari ana shunday eʼtirofga munosib edilar.
Haqiqatan, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bosib oʻtgan yoʻl kelajak avlodlarga yorqin ibratdir. U kishining hayot bosqichlarini nazardan oʻtkazsak, hamma kechirishi mumkin boʻlgan tirikchilik yoʻllaridan oʻtganlar, ammo oʻzlariga xos fidoyilik, gʻayrat va intilish bilan har bir daqiqani maʼrifat nuri bilan munavvar qilib, oʻtkinchi lahzalarga umrboqiylik baxsh eta olganlar. Hazratning nisbatan qisqa dunyoviy hayotlari chinakam insoniy qahramonlikning namunasidir. Mazmun tashqi tomondan boshqalardan farq qilmaydigan libos ichida boʻlishi mumkin, ammo uning mohiyati, bahosi botinda (ichkarida) yashiringan boʻladi. Ana shu asrorni kashf etish, avvalo, xuddi shunday buyuklikka yoʻl ochsa, keyin shu amalga jahd qilgan kishini yuksaklikka undaydi, oʻz choʻqqisiga chorlaydi. Shu maʼnoda hazratning oʻtgan umr yoʻllariga bir qur, nigoh qamrab oladigan darajada qisqa nazar tashlaylik.
Muhammad Sodiq 1952-yil 15-aprelda Asaka tumanidagi Niyozbotir qishlogʻida Muhammad Yusuf va Sobiraxon Tilakberdi qizi oilasida dunyoga kelganlar. Dastlab shu qishloqdagi maktabda, 3-sinfdan esa Buloqboshi tumanidagi 16-maktabda tahsil olganlar. Yashash joyining oʻzgarishiga sabab – otaning Buxorodagi Mirarab madrasasini tugatib, shu qishloqqa imom etib tayinlanishlari edi. Albatta, kasbi choʻponlik boʻlgan kishining dahriylar tuzumida dunyodagi eng nufuzli madrasalardan birida tahsil olishga muyassar boʻlishlarida ham juda teran hikmat bor. Volidai muhtarama ham dunyoviy , ham uhraviy masalalarda komila boʻlganliklari farzandlar xotiralarida mehr bilan ifodalangan. Muhammad Sodiq maktabni bitirib, ota izidan boradilar va Mirarab madrasasiga kirib oʻqish sharafiga noyil boʻladilar.
Tahsil izchil davom etadi. Dastlab Toshkent islom maʼhadi, soʻng Tarablus (Liviya)dagi islomga daʼvat kulliyotidagi ilm olishlar yetuk diniy ulamoning kamolga yetishuvida pillapoya boʻlib xizmat qiladi. Amaliy faoliyat Toshkent islom maʼhadida ustoz, noib, mudir sifatida roʻy beradi va nihoyat Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston diniy idorasi boshligʻi – Bosh muftiy. Agar faoliyat nuqul oʻqib-oʻrganishdangina iborat boʻlib qolsa, mukammallik kasb etmaydi. Zamondoshlari Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni ham ulamo, ham faol davlat va jamoat arbobi sifatida biladilar. Hazratning amaliy faoliyatlari murakkab bir davrga toʻgʻri keldi. Dunyo goʻyoki bir toʻlgʻoq ichida edi. Ha, necha yillardan beri yetilgan homilaning dunyoga kelishi kutilayotgan edi goʻyo. Shunday ham boʻldi. Zulm va istibdod qulab, bir yarim asr kutilgan hurriyat kunlari keldi. Lekin uning tashrifi nechogʻlik kutilmagan boʻlsa, shu barobarda tashvishlar va sinovlar ham kuttirmay yopirilib keldi. Bu boradi diniy masalada ahvol nihoyatda ogʻir va nozik edi. Bu holni dinga munosabat shoʻro zamonida qanday boʻlganini va dinning tabiatini bilganlar yaxshiroq tushunadi. Ana shunday buhronli sharoitda diniy idoraning Bosh muftiysi ham hayotiy tajriba, ham chuqur bilimga tayanib, tayanch nuqtani topa oldi. Atrofdagi mamlakatlarda (masalan, Tojikistonda) fitna olovi koʻplab qurbonlarga olib kelgan boʻlsa, salohiyati yuqori va “toshi ogʻir” Oʻzbekistonda bunday hollar roʻy bermadi. Bu, avvalo, diniy masalada toʻgʻri yoʻl tanlanganidan edi. Qolaversa, buyuk bobolar taʼlimotiga sadoqat, ular belgilab ketgan yoʻldan ogʻishmay yurish ana shunday dorilamonlikni taʼminlagandi.
Ochigʻi, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari buyuk merosning vorisi va davomchisi sifatida boʻy koʻrsatgan edilar va yurtdoshlari xotirasida ana shunday azim talʼat bilan saqlanib qoldilar. Yurtimiz allomalarining islom maʼrifati yoʻlida ulugʻ ishlar qilganliklari koʻp gapiriladi. Qurʼoni karimdan keyin dinimiz shariatida eng moʻtabar manba – “Jomeʼ us-sahih” (“Sahihi Buxoriy”) kitobini bizning faxrli bobomiz yaratganlari bilan iftixor qilamiz. Shuningdek, tafsir, aqida, kalom, fiqh, tasavvuf ilmlarida eng salmoqli tadqiqotlar shu yurtda yuzaga kelgani chinakam toleʼimiz. Buyuk tariqat allomalarining faoliyatlari dunyoni islomiy talablar asosida oʻrganishning namunali maktabi boʻlib kelgan. Afsuski, biror millatda uchramaydigan olamshumul merosning vorislari yuz yillar davomida undan mosuvo qilindilar. Diniy ilm oʻrganishga jihod qilgan qanchalab kishilar begunoh qurbon boʻlib ketdilar. Ana shunday qorongʻi zulmatdan keyin merosiy maʼrifatimizning bayroqdori boʻlib, taqdir Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni ato etdiki, ul zotning hayot yoʻli kelajak avlodlarga munavvar ibratdir.
Bu fikrning aniq tasdigʻi ul zotning ilmiy merosidir. Ul zot Qurʼoni Karim maʼnolarini oʻzbek tiliga oʻgirdilar. Shuningdek, ona tilimizda birinchilardan boʻlib oyatlarga tafsir yozdilar. 30 ga yaqin kitobdan iborat “Tafsiri Hilol” yuzaga keldi, bu xazina eʼlon qilindi. Hadislarni hammabop uslubda sharhlab, “Hadis va Hayot” majmuasini yaratdilar. Fiqhga doir “Kifoya”, shuningdek, aqida, tasavvuf, tarixga doir koʻplab asarlari chinakam maʼnaviy boylik boʻlib qoldi. “Zikr ahlidan soʻrang” turkumi esa muxlislardan kelgan savollarga javoblar asosida paydo boʻlgan edi. Yana ulugʻ xizmatlaridan biri – “Oltin silsila” (“Oltin zanjir”) deb nomlangan sahih hadislar majmualarining akademik nashriga bosh-qosh boʻlganliklaridir. Mazkur ulkan ilmiy kulliyotga islom olamida eʼtirof etilgan “Sihohi sitta” (“Olti sahih”)dan tashqari yana uch buyuk muhaddisning sahih hadislari jamlangan. Bunday katta loyiha dunyo musulmon mamlakatlaridan sanoqlisidagina amalga oshirilgan.
Hazratning milliy televideniye va radio orqali olib borgan maʼrifiy faoliyati ham alohida tahsinga loyiq edi. Gazeta-jurnallar bilan ijodiy hamkorlik, TV da “Maʼrifatnoma” koʻrsatuvi, radio-suhbatlar, koʻplab maqola va intervyularda dinimizning maʼrifati ommabop uslubda xalqqa hadya qilingan edi. Hazratning koʻp tillarni bilishlari, eng nufuzli manbalardan xabardorligi, boz ustiga ijodkorlik tabiati – ilhom va shavqning yetarliligi bu chiqishlarning salmogʻini oshirardi. Hazrat diniy bilimlarda qancha komil boʻlsalar, dunyoviy ilmda ham misli alloma edilar. Ul zotning salohiyatiga davrining koʻplab mashhur zotlari yuksak baho berganlar.
Shayx amaliy va ilmiy faoliyatda buyuk bobolarga xos jasorat koʻrsatdilarki, bu hol xalqimizning bir maqolini eslashga izn beradi: “Oqqan daryo oqmay qolmas”. Ammo bu kunlarni — qurigan koʻchatlar ildiziga nam yetishini necha avlodlar intizor boʻlib kutib oʻtdi. Hazrat ikki qirgʻoq holiga kelib qolgan oʻtmish va kelajak oʻrtasida oltin koʻprik boʻlib dunyoga keldilar va toabad shunday boʻlib qoladilar. Ul zotni tanigan, bilganlar esa bir umr iftixor hissi bilan yashaydilar.