Buxoroliklarga partiyadoshlar koʻmagi
Taʼkidlash joiz, ushbu ezgu ishlar epidemiologik vaziyatda, sinovli kunlarda inson va uning qadri nechogʻli muqaddasligini yana bir bor teran anglab yetishga chorlaydi.
Qorakoʻl va Olot tumanlarida tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari hamjihatlikda olib borilayotgan ayni kunlarda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish“ demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov boshchiligida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzMTDP fraksiyasi, partiya aʼzolari hamda faollari ham ushbu xayrli ishda yelkadosh boʻlmoqda.
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi va hududiy partiya tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda 36 nafar Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzMTDP fraksiyasi aʼzolari talofatdan aziyat chekkan insonlarga koʻmak berish, ularni ogʻir kunda qoʻllab-quvvatlash maqsadida yordam berishga qaror qildi.
Oʻz saylov okrugida boʻlgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nazir Sobirov hamda OʻzMTDP viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari Mahsud Muhammedov va bir guruh partiya faollari xayriya yordami tariqasida yigʻilgan jami 70 million soʻmlik mablagʻ asosida 20 ga yaqin xonadonlar uchun qurilish materiallaridan iborat ming dona shifer, 10 kub yogʻoch mahsulotlarini manziliga yetkazishdi.
Ushbu xom-ashyolar tabiiy ofatdan talofat koʻrgan, ehtiyojmand, kam taʼminlangan oila vakillari istiqomat qilayotgan xonadonlar taʼmiriga sarf etilib, qurilish, taʼmirlash ishlari boshlab yuborildi.
Taʼkidlash joiz, ushbu ezgu ishlar epidemiologik vaziyatda, sinovli kunlarda inson va uning qadri nechogʻli muqaddasligini yana bir bor teran anglab yetishga chorlaydi.
Muslima Roʻziyeva,
OʻzMTDP Buxoro viloyat Kengashi
matbuot kotibi