Buxorolik pillakorlar zafar quchdi
Buxoro viloyati “kumush tola” ijodkorlari pilla yetishtirish bo‘yicha shartnomaviy rejani uddalashdi.
Joriy yilgi mavsumda viloyat tumanlarida 5 ta pillachilik klasteri va uzoq yillik tajribaga ega pillakorlar tomonidan 48 ming 877 quti ipak qurti parvarishlandi. 3 ming 143 tonna o‘rniga 3 ming 158 tonnaga yetkazib pilla xom ashyosi olindi va belgilangan reja 100,5 foizga bajarildi. Bu sa’y-harakat tufayli 119 ming nafar aholi bandligi ta’minlandi. Ular oz emas, ko‘p emas, naqd 130 milliard so‘m daromad ko‘rdi.

Mavsum avvalida hududdagi ipakchilik klasterlari tomonidan ipak qurti urug‘lari inkubatoriyalarda jonlantirilib, mahalla va qishloqlardagi pilla yetishtiruvchilarga to‘liq tarqatildi va rag‘batlantirish o‘rnida, ularga umumiy hisobda 24,4 milliard so‘m avans—bo‘nak mablag‘ to‘lab berilgani kasanachi va oilaviy zvenolarga alohida ishtiyoq bag‘ishladi.
Hukumatimizning yordami bilan har bir quti ipak qurti hisobiga pillakor oilalarga avans tariqasida 500 ming so‘mdan pul berildi.
Mahsulot yetishtirish uchun zarur vositalar, asbob-uskuna va dastaklar kasanachi va oilaviy zvenolarga qayta ishlovchi korxonalar tomonidan yetkazib berilgani, jumladan, 60,2 tonna to‘shama qog‘oz, 16 ming dona termometr, 5 tonna miqdorida formalin, 24,4 ming dona psixometr, 20 ming metr bo‘z, 2 tonna atrofida s’yomniklar bilan ta’minlangani mehnat muvaffaqiyatiga zamin yaratdi.

Joriy yil hosili uchun rejadan ortiqcha va sifatli pilla xomashyosi yetishtirgan zvenolarni qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida mukofotlar tashkil qilindi va rejadan ortiqcha topshirilgan har bir kilogramm pilla hosili uchun 50 ming so‘mdan tarozi boshida naqd pul berildi.
Soha mutaxassislari, pillakor agronomlar, tajribali pillakorlar tomonidan ipak qurti parvarishi nazoratga olingani, ko‘p yillik ish uslubiga ega oilaviy zveno boshliqlari sa’y-harakati, o‘z vaqtida sifatli ozuqa–tut bargi bilan ta’minlanganligi evaziga viloyat pillakorlari zafar quchdi.

Bunda, ayniqsa, Shofirkon, Romitan, G‘ijduvon, Peshku, Buxoro, Romitan va Olot tumanlari peshqadam bo‘ldi. Bugun yaratilgan “kumush tola” xirmonida peshqadam sifatida Romitan tumanidagi Xalqobod, Chelong‘u, Bog‘iturkon, Shofirkon tumanidagi Mazlaxon Chandir, Bog‘iafzal, Denov va Iskogare, Vobkent tumanidagi Kumushkent, Qo‘ng‘irot, Xalach, Yangikent, Qorako‘l tumanidagi Qozon, Qorahoji, Sayyod, Qoraun, Peshko‘
tumanidagi Zandani, Qal’ai Mirishkor, Do‘stlik, Turkiston, Olot tumanidagi Bahoriston, Denov, Davlatobod, Buxoro tumanidagi Yangi turmush, So‘fikorgar, Qavola Mahmud, Rabotiqalmoq kabi hududlar va ulardagi oilaviy zvenolar hissasi katta bo‘ldi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yil yakuniga qadar yetishtirilgan hosildan 10,4 million AQSH dollariga teng pilla xomashyosini chet davlatlardagi hamkorlarga eksport qilish ko‘zda tutilmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, 1 tonna pilladan 350 kilogramm atrofida momiq ipak tola olinsa, undan 20 ming metr adras, 13 ming metr atlas va boshqa mahsulotlar olish mumkin. Muhimi, sohani rivojlantirish orqali minglab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri