Buxorolik jurnalistlar sharaflandi
Buxoro viloyatida ham 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni keng nishonlandi. Bayram munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida ommaviy axborot vositalari xodimlari, nashriyot va matbaa sohasi vakillari, faxriy jurnalistlar, matbuot kotiblari va blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar keyingi yillarda ochiqlik va so‘z erkinligini ta’minlash, qulay ish sharoitlari yaratish, ularning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.
Hozirgi kunda viloyatda 2 ta televideniye, 2 ta radio, 30 ga yaqin gazeta va jurnal, 97 ta matbaa korxonasi hamda 17 ta nashriyot ijodkor va texnik ishchi-xodimlari vatanimizda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, mislsiz yuksalishlar jarayonini keng yoritish va targ‘ib etishda jonbozlik ko‘rsatmoqda.
[gallery-18034]
Viloyatdagi mavjud keng va qulay imkoniyatlarni, davlat va jamoatchilik tashabbuslarini yanada kengroq miqyos va auditoriyada targ‘ib etilishida respublika telekanallari va gazetalari, internet nashrlarining viloyatdagi o‘z muxbirlari, ijodiy va texnik xodimlari munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ularning orasida internet jurnalistikasi milliy axborot maydonida tobora mustahkam o‘rin egallab, zamon talablari asosida yangilanib borayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Bularning barchasi, hech shubhasiz, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, fikrlar xilma-xilligiga erishish, matbuot minbari orqali barcha ijtimoiy qatlamlarning fikr va qarashlarini ifoda etish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo‘lmoqda.
Tantanali tadbirda aholiga tezkor va ishonchli axborot yetkazib berish, viloyatdagi mavjud keng va qulay imkoniyatlarni, davlat va jamoatchilik tashabbuslarini respublika matbuoti, televideniye, radio va internet sahifalarida targ‘ib etilishida hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh soha xodimlari, faxriy jurnalistlar, matbuot kotiblari va blogerlar viloyat hokimining faxriy yorlig‘i, tashakkurnoma hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, tadbirda bir guruh soha xodimlari viloyat prokuraturasi tomonidan ham taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.