Buxoroga kirib kelgan birinchi poyezd
Vatanimiz tarixidagi 26 fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1760 yil (bundan 261 yil oldin) – Qo‘qon xoni Erdonabiy Xitoy imperatori Syanlun huzuriga – Pekinga elchilar yubordi. So‘nggi o‘rta asrlarga xos bo‘lgan diplomatik aloqalar: elchilar ayriboshlash va maktublar orqali amalga oshirilgan hamda diplomatlarining tarkibiy qismi savdogarlardan iborat bo‘lib, diplomatik pochta esa savdo karvonlari orqali ko‘zlangan manzilga yetkazib berilgan.
Tarixchi Sherali Qo‘ldoshevning yozishicha, Qo‘qon elchilari Qashqarda qabul qilinib, elchi shaxsini aniqlab unga tarjimon va harbiy qo‘riqchilar, otlar, aravalar, yo‘ldagi ta’minot uchun esa oziq-ovqat va ma’lum miqdorda pul berilgan. Qashqardan Yorkendgacha kelgan elchilar Tarim vodiysi orqali Qumulga yetib olgan, Qumulda ham ular yaxshi kutib olingan va ot-ulov, oziq-ovqat bilan ta’minlanib Pekinga – imperator huzuriga yuborilgan.
1888 yil (bundan 133 yil oldin) – Kaspiyorti temiryo‘li orqali Buxoroga birinchi poyezd keldi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 11 mayda Samarqand shahrida ham temir yo‘l ochilishining tantanali marosimi o‘tkazildi. Mixaylovsk qo‘ltig‘idan Samarqandgacha bo‘lgan 1335 verst uzunlikdagi Kaspiyorti temir yo‘l yagona loyiha asosida emas, balki kichik-kichik loyihalarning umumlashuvidan bunyod qilindi.
General-leytenant M.A.Terentevning ma’lumotiga ko‘ra, Samarqandgacha 62 ta stansiya bo‘lib, ulardan 32 tasida suv bor edi xolos, qolgan stansiyalarga tashib keltirilardi. Shuningdek, 129 ta parovoz, 1965 ta vagon bo‘lib, shulardan 136 tasi yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan edi.
1918 yil (bundan 103 yil oldin) – Turkiston Xalq Komissarlari Soveti raisi F.I.Kolesov paxta tolasi va paxtani musodara qilish to‘g‘risidagi dekretni imzoladi. Mazkur dekretga ko‘ra, qisqa vaqt ichida zavodlarga topshirilgan 3,4 million pud paxta tolasi, 6 million pud xom paxta, 600 ming pud paxta yog‘i, 4 million pud chigit, 1,1 million pud kunjara sovet davlati ixtiyoriga bepul o‘tdi. Dehqonlar zavodga topshirgan paxtasi uchun ham, uyidan olib ketilgan paxta uchun ham loaqal qat’iy narxda bo‘lsa-da pul ololmadilar.
1926 yil (bundan 95 yil oldin) – Bokuda sobiq ittifoqdagi turkshunoslarning birinchi qurultoyi ish boshladi. Bu qurultoyda 150 nafar mutaxassis ishtirok etgan. O‘zbekistondan Maorif xalq komissari (vaziri) Rahim Inog‘omov, davlat va jamoat arbobi Nazir To‘raqulov ma’ruza qildi. Ashirali Zohiriy, Shokirjon Rahimiy, Xorazmdan Bekjon Rahmon rasmiy vakil sifatida qatnashdi.
1992 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi bilan Finlyandiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi.
1999 yil (bundan 22 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jurnalist kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi