Buxorodagi tabiiy ofatga bir yil bo‘ldi
O‘tgan 2020 yilda butun insoniyat boshiga turli sinovlar yog‘ildi, yurtimizda ham ketma-ket talofatlar yuz berdi. 27 apreldan 28 aprelga o‘tar kechasi respublikamizga Turkmaniston hududidan kuchli shamol kirib kelib, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida sekundiga 9-40 metrgacha tezlikda esgan edi.
Bu tabiiy ofat, ayniqsa, Buxoro viloyatiga o‘zining sezilarli ta’sirini o‘tkazib, oqibatda iqtisodiyot tarmoqlari jiddiy zarar ko‘rdi. Jumladan, neft-gaz, energetika va infratuzilma sohalari, ijtimoiy ob’ektlar – kasalxonalar, maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari, ko‘p qavatli hamda aholining yakka tartibdagi uy-joylari, qishloq xo‘jaligi ekinlari, shuningdek, g‘alla, paxta, meva-sabzavot maydonlari va issiqxonalar katta talofat ko‘rdi.
Bundan sal o‘tib, 1 may kuni O‘zbekistonda katta ehtimol bilan 1966 yilgi zilziladan keyingi yarim asr ichidagi eng yirik ofat ro‘y berdi – “Sardoba” suv ombori qurib bitkazilganidan uch yil o‘tar-o‘tmay dambaning bir qismi o‘pirilib, toshqin yuzaga keldi. Buxorodagi tabiiy ofat ham, Sardoba fojeasi ham xalqimiz ruhiyatiga juda qattiq zarba berdi, odamlarning metin irodasini sinovdan o‘tkazdi. Buxorodagi kuchli shamol, ayniqsa, Qorako‘l va Olot tumanlariga juda katta talofat yetkazdi.
2020 yilning muborak Ramazon oyi. Saharlikka turgan chog‘imizda Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, yuragim tovonimga tushdi. Kuchli dovul chog‘ida olingan videolar hamda uning oqibatlari tasvirga olingan rasmlarni ko‘rib, talofatning naqadar ulkanligini his qilish qiyin emas edi. Hamma sayt va tarmoqlarda, telegram guruhlarda shu mavzu.
Ko‘z oldimda ota-onam, aka-ukam, yangayu jiyanlar, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, qo‘yingchi, barcha qishloqdoshlarim gavdalandi – hamma omonmi, sog‘ bo‘lishsin ishqilib. Boshimda ming o‘y-xayol bilan shoshgancha telefonga “chiqdim”. Onam, otam, akalarim, ukam – hammasiga qilyapman, bog‘lanib bo‘lmaydi, aloqa yo‘q. Bu yoqda esa yuragim taka-puka bo‘lib boradi. Bir amallab tong ottirdik. Yana uydagilar bilan bog‘lanishga urinaman, natija yo‘q.
Bir vaqti poytaxtda yashaydigan qorako‘llik dugonam qo‘ng‘iroq qildi. Tuman markazidagi ammasi bilan uy telefonida gaplashibdi, hamma yaxshi, sog‘-salomat, faqat ofatdan zarar ko‘rmagan uy-joy qolmaganini aytibdi. Tushga yaqin begona raqamdan telefon bo‘ldi. Javob bersam, onajonim. Qattiq qo‘rquv, vahima va hayajondan bo‘g‘ziga nimadir tiqilib, yig‘lamsirab gapirardi – “Nomerni tanimadingmi, qishloq bo‘yicha bitta qo‘shnimizni telefoni ishlab turipti, shundan qilyapman.

...Umrimiz bino bo‘lib bunaqa ofat ko‘rmaganmiz hali. Faqat kinolarda ko‘rardik, juda yomon bo‘ldi. Xavotir olma, hammamiz yaxshimiz, tomlar uchdi, bog‘imizdagi daraxtlar qo‘porilib sinib ketdi. Mayli, muhimi, o‘zimiz sog‘miz, rizqimizni Alloh beradi. Zarar ko‘rmagan xonadon qolmagan. Butun qishloq odamlari ko‘chada – bir-birlarining uy-joyini, oshxonayu molxonasi, tomorqa yerlarining ahvolini ko‘rib, o‘zaro tasalli berib yurishipti, hamma vahimada. Davlatimiz yordam berar, bu ahvolda tashlab qo‘ymasa kerak...”
Onaizorimning vahima va qo‘rquv aralash ovozi titrab chiqayotganini eshitib, o‘zimni zo‘rg‘a tiyib turdim. Onam elektr tarmoqlari butunlay ishdan chiqqani, aloqa yo‘qligi, faqat qo‘shnimizning telefoni ishlab turgani, uzoqdagi yaqinlariga omonligini aytish uchun navbat kutib turganlar ko‘pligi, shuning uchun telefon quvvatini asrash kerakligini aytib, xayrlashdilar.
Roppa-rosa bir yil oldingi xotiralarni yozyapmanu xuddi kechagidek holat ko‘z oldimda gavdalanib, ko‘zim jiqqa yoshga to‘lib boradi. Menku dahshatli manzaralarni faqat eshitdim, rasm-videolarda kuzatdim xolos. To‘fonning dahshatli ovozi, shifer va boshqa buyumlarning osmonda uchib yurgan holatining guvohi bo‘lgan odamlarning kuchli vahimasini, qanchalik qo‘rquvga tushganini esa anglash, his qilish qiyin emas.
Davlatimiz rahbari talofat oqibatlarini ko‘rish, qo‘rquvda qolgan xalqqa dalda bo‘lish maqsadida tezlik bilan Buxoroga bordi. Olot tumanida aholi vakillari, faollar bilan uchrashib, zarur choralar ko‘rilishini aytdi. “Xalqimiz hamjihat bo‘lib, bunday sinovlarni ko‘p yengib o‘tgan. Bu safar ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilib, talofat oqibatlari tezda bartaraf etiladi. Eng muhimi, ruhni tushirmay, birgalikda kurashsak, bu qiyinchiliklardan kuchli bo‘lib chiqamiz”, deb ta’kidladi Prezidentimiz. Davlat rahbarining e’tibori, g‘amxo‘rligi Olot va Qorako‘l xalqiga katta madad bo‘ldi, aholi tog‘dek tayanchi borligini his qildi, yolg‘iz emasligidan, o‘z holiga tashlab qo‘yilmaganidan ko‘ngli ko‘tarildi.
28 aprel. Tushdan so‘ng haligi dugonam yana qo‘ng‘iroq qildi: “Eshittingmi, endi suv toshib kelayotganmish Turkmaniston tomondan. Butun xalq ko‘tarilib, Buxoro shahri tomonga qarab yo‘lga chiqqanmish...Birov tosh tusharmish deyapti...” Bu vahima tunda yuragi olingan odamlarni yanada qo‘rquvga soldi. Kimdir mashinada, kimdir traktor yuklamasida, ulovsizlar piyoda yo‘lga chiqishipti. Yo‘llar esa tirband, bu tirbandlikda uzoqqa borolmasligini anglagan birovlar esa Qorako‘l qirlarining nisbatan balandroq qismlariga o‘rnashib olishgan – kimdir beshikdagi chaqaloqlari bilan, kimlardir to‘shakka mixlanib yotgan kasallari, qariyalari bilan... Butun manzara qiyomat qoyim.
Onam aytganlaridek, davlat qarab turgani yo‘q. Yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, avariya-tiklash, qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini tez kunlarda qayta joylashtirish va ekishni hamda zarar ko‘rgan aholiga har tomonlama tezkor amaliy yordam ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi. Mazkur farmoyishga asosan Buxoro viloyatidagi tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun 100 milliard so‘m mablag‘ davlat byudjetidan ajratildi.

Kutilmagan talofatdan ziyon ko‘rgan aholiga yordam ko‘rsatish uchun qo‘shni viloyatlardan ham qo‘ligul ustalar keldi, qurilish materiallari, zarur barcha texnika va texnologiyalar, mutaxassislar jalb qilinib, barcha hudud obod qilindi. Bu jarayonlar televideniye orqali muntazam yoritib borildi, odamlarning ham tashvish, ham quvonchlaridan televizor orqali xabardor bo‘lib turdik.
Ushbu talofatdan bir yil o‘tib, bugun Olot va Qorako‘l tumanlari qiyofasi tubdan yangilandi. Ko‘chalar, qishloq va mahallalar obod bo‘ldi, fuqarolarning uy-joylari ta’mirlab berildi.
Ammo odamlar qalbidagi o‘sha vahima, qo‘rquv hamon unutilgani yo‘q. Biroz qattiqroq shamol bo‘lsa, yurak hovuchlab o‘tiradigan bo‘lib qolishgan. Buni o‘tgan yili yozda, bu yil Navro‘z bayramida ota uyimga borganimda guvohi bo‘ldim. Yaqinda esa yana bir vahimali mish-mish tarqalib, aholini qo‘rquvga solibdi. Bir kuni amakim telefon qilib qoldilar:
– Qizim, 1-2 may kunlari o‘tgan yilgiday talofat, kuchli shamol takrorlanarmish. Hammaning og‘zida shu gap, vahima. Nima gap o‘zi, biror xabar bormi shu haqda?
Noxush xabar tez bolalaydi. Mayda-chuyda gap-so‘zlarga, mish-mishlarga e’tibor qaratmaydigan inson ham yomon xabar haqida o‘ylanib qoladi. Bu inson tabiatiga xos xususiyat. Amakimga bu bo‘lmagan gap ekanligini, kimlardir ijtimoiy tarmoqlarda “ochko” olish uchun tarqatgan bo‘lishi mumkinligini tushuntirdim. Avvalo, Alloh hammani o‘zi asrasin, deya tasalli berdim.
Rostdan ham yomon xabar kishini o‘ylantirar ekan. Bu mish-mish haqida rasmiy ma’lumot olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi bilan bog‘landim.
– Markazimiz tomonidan amalga oshirilayotgan gidrometeorologik kuzatuvlarimiz davomida joriy yilning 1-2 may kunlari Buxoro viloyatida siz aytganingizdek ob-havo kuzatilmaydi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi gidrometreologik ma’lumotlar bo‘limi boshlig‘i Doniyor Turg‘unov. – Ammo shuni ham ta’kidlab o‘tishim lozimki, shamol esishi bo‘yicha prognoz ma’lumotlar 1-2 kun oldin aniqlanadi. Hozircha 28 aprel holati bo‘yicha o‘rganishlarimiz mobaynida kuchli shamol esishi bo‘yicha ma’lumotlar aniqlangani yo‘q.
Eh, soddagina amakijonim, qo‘ni-qo‘shnim, mahalladoshim, yurtdoshim. Ketma-ket kelgan kulfatlardan yuragingiz qo‘rquv ichida qolgani rost. Vahima ruhingizni tahlikaga solgani bor gap. Ammo bunday qo‘rquv, vahima, ofatu kulfat, g‘am-tashvish, og‘ir sinovli damlar endi hech qachon boshingizga tushmasin. Hamisha yaratganning panohida bo‘ling. Ulug‘ Ramazon oylarida yurt osoyishtaligi, el salomatligi uchun qilinayotgan duolarimiz ijobat bo‘lib, hamisha rohatda yashang. Inson qadri baland bo‘lgan yurtda qaddingizni baland tutib, farovonlikda umrguzaronlik qilish nasib qilsin.
Muhtarama Komilova, O‘zA