Buxoroda yerosti o‘tish yo‘llari qurilmoqda
Keyingi yillarda butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Buxoroda ham bunyodkorlik ishlari ko‘lami kengaydi. Ayniqsa, mahalliy hamda xorijlik mutaxassislar, investorlar ishtirokida yo‘l industriyasini rivojlantirish, xalqaro talablarga javob beradigan milliy avtomagistrallar barpo etish borasida qator istiqbolli dasturlar amalga oshirilmoqda.
bugungi kunda Buxoro shahrida yo‘l qurilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan eng katta loyihalardan biri M37 “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining 264-kilometri yoki “Karvon” buyum bozori oldidan o‘tuvchi yer osti o‘tish yo‘li hisoblanadi.

Piyodalar yer osti o‘tish yo‘lining uzunligi 32 metr, kengligi 4,5 metr, balandligi 2,5 metrdan iborat.
Yo‘lning bir tomonida bozor, bir tomonida institut joylashganligi, qolaversa, ushbu manzil yo‘lning Buxoro shahriga kiraverish hamda xalqaro ahamiyatdagi qismi bo‘lganligi bois, avtomashinalar va piyodalar qatnovi juda yuqori ekanligi inobatga olinsa, yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagining qurilishiga zarurat borligi ayonlashadi.

–Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining 272- kilometrida tibbiyot shaharchasi, “Karvon” buyum bozori hamda bosh bekatlar borligi hisobidan piyodalar oqimining juda ham serqatnovligi mavjud, – deydi Buxoro viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i, kapitan Ulug‘bek Shukurlayev. –Mazkur serqatnovlik inobatga olingan holda qurilayotgan yer osti o‘tish yo‘li kelgusida albatta sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olishda katta yordam beradi.

Shuningdek, markaziy ko‘chalar va magistral yo‘llarda harakat tezligi o‘rganilgan holda boshqa hududlar, jumladan, Buxoro tumanining Rabotak aholi punkti va Buxoro shahrining bir nechta markaziy yo‘llarida shu kabi yerosti o‘tish joylarini qurish bo‘yicha o‘rganishlar va laborator tahlillar ham o‘tkazilmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat, video),
O‘zA