Buxoroda “Suvchilar maktabi” ochildi
FOTOREPORTAJ
Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutida “Suvchilar maktabi” faoliyat boshladi.
2023 yil 18 aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalasi muhokama qilingan edi. Shu maqsadda dastlab, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida “Suvchilar maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.
“Suvchilar maktabi”da suvdan oqilona foydalanish madaniyatini oshirishda birinchi navbatda fermerlarni o‘qitish muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ularga suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishning ilg‘or usullari bo‘yicha bilimlar beriladi. Mashg‘ulotlarga Turkiya, Ispaniya va Xitoy davlatlaridan tajribali mutaxassislar jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Soha mutaxassislari tomonidan tinglovchilarga suvni tejovchi texnologiyalar turlari, afzalliklari va ularning samaradorligi, xorijiy tajriba, zamonaviy sug‘orish tizimining ahamiyati va suvdan foydalanish madaniyati, iqtisodiy va huquqiy savodxonlik, subsidiya, kafilliklar, soliq imtiyozlari va bank kreditlari, tuproqning suv xossalari va nam saqlovchi texnologiyalarini o‘rganish, xorijiy tajriba, zamonaviy sug‘orish tizimlarini qurish, ishga tushirish va ishlatish tartibi bo‘yicha amaliy va nazariy bilim beriladi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA