Buxoroda Osiyo xotin-qizlarining forumi bo‘lib o‘tmoqda
Xabar berganimizdek, 13-15-may kunlari qadimiy va navqiron Buxoro shahrida Osiyo xotin-qizlarining II forumi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi.
Forumda 40 dan ortiq xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning nufuzli vakillari ishtirok etmoqda. Jumladan, Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol a’zolari, hukumat vakillari, diplomatik korpus xodimlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar ekspertlari anjuman doirasida o‘zaro tajriba almashadi.

“Ayollarga investitsiya – barqaror o‘sish asosi: xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida tashkil etilayotgan forumda bugungi kunda dunyo hamjamiyati uchun dolzarb bo‘lgan qator masalalar muhokama qilinadi. Xususan, xotin-qizlarni davlat va jamiyat boshqaruviga keng jalb etish, siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlarida ularning ishtirokini kuchaytirish, iqtisodiy mustaqillik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan va ta’lim sohalarida imkoniyatlarni kengaytirish kabi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, forum doirasida ilm-fan, innovatsiya va sun’iy intellekt sohalarida ayollar faolligini oshirish, raqamli muhitda xavfsizlikni ta’minlash hamda ijtimoiy himoya masalalariga bag‘ishlangan to‘rtta panel sessiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu esa xotin-qizlarning zamonaviy taraqqiyot jarayonlaridagi o‘rni va salohiyatini yanada namoyon etishga xizmat qiladi.

Bugun Buxoroda “Ilm-fanda ayollar yetakchiligi: hozirgi zamon tahdidlari, innovatsion yechimlar va ilmiy hamkorlik” mavzusida olima ayollar forumi boshlandi. Mazkur nufuzli anjumanda zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida xotin-qizlarning o‘rni, intellektual salohiyatni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion yondashuvlar va mintaqaviy ilmiy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotining navbatdagi majlisida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon vakillari, shu jumladan, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkmaniston parlamentlari rahbarlari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston parlamentlari rahbarlarining o‘rinbosarlari, BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari, xususan, Preventiv diplomatiya markazi va “BMT ayollar” tashkiloti vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumki, 2020-yil dekabr oyida ushbu platformaga mintaqa xotin-qizlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rolini oshirish hamda imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida norasmiy mintaqaviy platforma sifatida O‘zbekiston tashabbusi bilan asos solingan.
O‘zbekiston ushbu muloqotga 2021-yilda raislik qilgan. Qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti gender tenglik va barqaror rivojlanishni ilgari surish, mintaqadagi ayollar o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga sodiq bo‘lgan ayollarning muhim norasmiy koalitsiyasi sifatida o‘zini namoyon qildi.
Muloqot tashkil etilganidan beri bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi va gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bilan bog‘liq ko‘plab dolzarb masalalar, shuningdek, bu yo‘nalishda mintaqaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Bu yil O‘zbekiston yana bir bor muloqotga raislik qilmoqda. Ozarbayjon Respublikasining bu yil muloqotga qo‘shilishi mintaqaviy birlikni yanada mustahkamlaydi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytiradi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva ochib berdi. Senat Raisi o‘z nutqida mintaqada xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va davlat boshqaruvidagi rolini kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Muloqot doirasida ayollar birdamligi mintaqadagi ayollarning barcha integratsiya va davlatlararo hamkorlik jarayonlaridagi ishtirokini faollashtirib, mamlakatlar taraqqiyotiga tobora muhim hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotining bu galgi majlisida ayollarning ilm-fandagi yetakchiligi, hozirgi zamon tahdidlari, innovatsion yechimlar va ilmiy hamkorlik muhokama qilindi.
Delegatsiya rahbarlari, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon olima ayollari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari kun tartibidagi masalalar muhokamasida ishtirok etdi. Ular o‘z chiqishlarida bu yilgi muloqot faoliyatining kelgusidagi maqsad va vazifalari xususida o‘z fikrlarini bildirdi.
Muloqot ishtirokchilari platforma doirasida hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
So‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari kun tartibida ilm-fanni, innovatsion texnologiyalarni, sun’iy intellektni rivojlantirish masalalari ham muntazam ravishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun ayollarning tadqiqotchilar, novatorlar va ilmiy taraqqiyot yetakchilari sifatidagi alohida roli ortib bormoqda.
Bugun dunyo ulkan tahdidlarga, jumladan, iqlim o‘zgarishi, suv resurslari taqchilligi, shiddat bilan kechayotgan raqamli transformatsiya va sog‘liqni saqlash hamda boshqa sohalardagi yangi tahdidlarga duch kelmoqda. Shubhasiz, ushbu murakkab muammolarni ilmiy tadqiqotlar va innovatsion yondashuvlarsiz, shuningdek, yuqori malakali kadrlarni tayyorlamay turib hal qilib bo‘lmaydi.
Forum Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon olima ayollari o‘rtasida ilmiy hamkorlik va muloqot uchun barqaror platforma yaratish, tajriba almashish, hamkorlikdagi tadqiqotlarni va innovatsion loyihalarni rivojlantirishga hamda ilm-fan sohasidagi ayollarning yetakchilik salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan umumiy yechimlarni ishlab chiqish maqsadida ilmiy va ekspertlar hamjamiyati vakillari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon olima ayollari hamda xalqaro tashkilotlar vakillarini birlashtirdi.
So‘zga chiqqanlar bugungi sharoitda mintaqa mamlakatlari ilm-fanni rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy etish, ilmiy kadrlarni tayyorlash va ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini mustahkamlash bilan bog‘liq umumiy muammolarga duch kelayotganini ta’kidladilar.
Forum ishtirokchilari ayollarning ilm-fan va innovatsiyalar rivojidagi roli, olima ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ilmiy sohadagi ishtirokini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Ularning professional rivojlanishi uchun qulay shart-sharoit yaratish mintaqadagi davlatlarning barqaror rivojlanishida muhim omil ekani ta’kidlandi.
Bugun forum doirasida ikkita panel sessiya bo‘lib o‘tdi. Birinchi panel sessiya ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalardan foydalanish orqali mintaqani rivojlantirish imkoniyatlari va istiqbollariga bag‘ishlandi. Muhokama davomida mintaqadagi mamlakatlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, innovatsion ekotizimni kengaytirish, ilmiy va texnologik hamkorlikni mustahkamlash hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatida xotin-qizlarning rolini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Iqtisodiyotni diversifikatsiyalash vositasi sifatida ilm-fandan foydalanish, mintaqadagi mamlakatlar o‘rtasida texnologik hamkorlikni rivojlantirish, ilm-fanni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va samarali innovatsion infratuzilmani shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar, shuningdek, ta’lim tizimi orqali yangi avlod tadqiqotchilarini tayyorlash istiqbollari, ilm-fan sohasida yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari va mintaqalararo akademik va ilmiy almashinuv dasturlarini ishlab chiqish masalalarini muhokama qildi.
Ikkinchi panel sessiyada barqaror rivojlanish, ekologiya, sun’iy intellekt, madaniy meros va jamoat salomatligi masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar atrof - muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish va kelajak avlodlarning ekologik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan “yashil” texnologiyalarni rivojlantirish va ekologik barqaror yechimlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Sun’iy intellektni ilmiy faoliyat, ta’lim, tibbiyot va davlat boshqaruvida qo‘llash istiqbollari ham muhokama qilindi. Zamonaviy raqamli texnologiyalar ilmiy taraqqiyot va innovatsion rivojlanishni tezlashtirishning muhim vositasiga aylanib borayotgani ta’kidlandi.
Yoshlar orasida ilm-fanni ommalashtirish, talabalar, magistrlar va doktorantlar uchun ustozlik tizimini rivojlantirish, shuningdek, ilm-fan sohasidagi ayollar uchun institutsional va ijtimoiy to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Forum ishtirokchilari barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish va mintaqaning innovatsion kelajagini shakllantirish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonning ilmiy, intellektual va texnologik salohiyatini birlashtirish muhimligini ta’kidladi.
Forumda bildirilgan taklif va tavsiyalarni amalga oshirish, mintaqada ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma tadqiqotlarni mustahkamlash mexanizmiga aylanadigan olima ayollarning “SheScience Central Asia” mintaqaviy tarmog‘ini yaratishni nazarda tutuvchi qo‘shma kommyunike qabul qilindi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari