Buxoroda “Narshaxiy” istirohat bog‘i ochildi
Buxoro shahri katta qurilish maydoniga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shaharning ko‘plab hududlarida aholi turar joylari, inshootlar, yo‘llar, shuningdek, aholi dam olish maskanlari bunyod etilmoqda. Ana shunday inshootlardan biri sobiq To‘qimachi dehqon bozori o‘rnida barpo etilgan “Narshaxiy” istirohat bog‘idir. Bog‘ uchun Alpomish va Mustaqillik ko‘chalari kesishmasidagi ochiq, bo‘sh turgan yer maydonidan 1,7 gektar ajratildi.
Bog‘ni barpo etish uchun “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 1000 tupga yaqin daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Aholi dam olishi uchun maxsus shiyponchalar, veloyo‘lak va piyodalar yo‘lakchalari barpo etildi. “Golden Iran” MCHJ qurilish korxonasi tomonidan tungi yoritish chiroqlari, 60 dona o‘rindiqlar, axlat tashlash qutilari o‘rnatildi. Shuningdek 25x5 hajmdagi 2 qavatli favvora va 5 metr balandlikda kirish darvozasi ham bunyod etildi.


Istirohat bog‘ida kommunikatsiya tarmoqlari ham yangilandi. 200 metrdan elektr kabellari tortilib, yangi transformator o‘rnatildi.Savdo qilish uchun 8 dona 6x3 hajmdagi yengil konstruksiyali konteynerlar o‘rnatildi.


Ma’lumot uchun, Narshaxiy bog‘i “Buxoro tarixi” asarining muallifi Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiy nomi bilan atalgan. Narshaxiy 943-944 yillarda mazkur asarni arab tilida yozgan. Narshaxiy nomi O‘rta Osiyoning 8-12 asrlar tarixiga oid deyarli barcha ilmiy tadqiqot ishlarida tilga olinadi. Ammo manbalarda uning hayotiga oid biror to‘liq ma’lumot keltirilmaydi. Muhimi shundaki, Narshaxiy tomonidan 1000 yillar muqaddam yozilgan “Buxoro tarixi” asari tarixnavislik fanidagi dastlabki asarlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, Buxoro tarixining qimmatli bosh manbai sifatida e’tirof etiladi. Keng jamoatchilik vakillarining takliflariga ko‘ra, Buxoro shahrida yangi bunyod etilgan mazkur bog‘ ana shu buyuk alloma sharafiga bag‘ishlandi.


Xalqimizning “Yaxshidan bog‘ qoladi” degan azaliy naqli bor. Bu hikmat ayni kunda yangicha mazmun va mohiyat kasb etgan. Yurt obodligi ham shu kabi ezgu amallardan boshlanadi. Ko‘ngilga fayz beradi, yashashimiz mazmunini belgilaydi. Bu bog‘ ham ming yillar davomida kelajak avlodga xizmat qiladi.
Zarif Komilov,
O‘zA