Buxoroda meteorologik radiolokator o‘rnatildi
Buxoroda meteorologik radiolokator (MRL) uskunasi foydalanishga topshirildi. Bu iqtisodiyotning ob-havoga bog‘liq tarmoqlari faoliyati va aholi xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan, 2021-2023 yillarda “O‘zgidromet” joylarda atmosferani masofadan va radiolokatsion zondlashning zamonaviy vositalarini joriy qilishi belgilangan. Mazkur uskuna 200 kilometr radiusda mavjud va kutilayotgan ob-havo hodisalari to‘g‘risida, jumladan, bulutlar oqimi va turi, shamol tezligi va yo‘nalishi, yog‘inlar miqdori va turi (yomg‘ir, do‘l, qor) hamda uning davomiyligi, momaqaldiroq sodir bo‘lgan hududlarni vizualizatsiya qilish orqali meteorologik kartalarga tushiradi. Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha oldindan xabar berish imkonini beraadi. Ma’lumotlar har 10 daqiqada yangilanadi. Ular muntazam tarzda “O‘zgidromet” ning meteorologik lokatorlar geografik axborot-tahliliy geoportaliga uzatib boriladi.
[gallery-6413]
– Buxoro viloyatida jami 7 ta gidrometeorologik kuzatuv punktlari mavjud, – deydi Buxoro viloyati meteorologiya boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Husainov. – Shundan 4 ta meteorologik stansiya, 2 ta agrometeorologik post, 1 ta radiolakator ishlamoqda. Hozirda avtomatlashtirish darajasi yuz foizni tashkil etadi. Bizda meteorologik radiolokator texnologik uskunasi yo‘q edi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 11 milliard 230 million so‘mni tashkil etadi. Bu uskunaning iqtisodiyot tarmoqlari, ayniqsa, agrar sohaga juda katta foydasi tegadi. Uskuna 15 metr balandlikdagi metall-konstruksiya ustunga o‘rnatildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA