Buxoroda Konstitutsiya kuni keng nishonlandi
Buxoroda Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hamda shahar va tumanlar mutasaddilari, huquqni muhofaza qilish idoralari, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash tizimi jamoalari, shuningdek, qator korxona-tashkilotlar, muassasalar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Tantanada viloyat hokimi B.Zaripov so‘zga chiqdi. Yig‘ilganlarni, ular timsolida mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlashda o‘z hissasini qo‘shayotgan viloyat xalqini qutlug‘ sana, davlatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, bundan 30 yil muqaddam mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinishi, hech shubhasiz, mamlakatimiz tarixida yangi davrni boshlab berdi.
O‘tgan davrda Konstitutsiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qildi.
Bosh Qomusimiz xalqaro hujjatlar talablariga to‘la mos holda, inson va fuqarolarning shaxsiy erkinliklari, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini kafolatlab berdi. Insonning ma’naviy kamol topishi va har tomonlama rivojlanishi uchun zarur shart-sharoit yaratdi.
Konstitutsiyamizda inson qadri, uning manfaatlari ustuvorligi alohida kafolatlangan.
Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi belgilangan.
Bu siyosat Asosiy Qonunimizdagi “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi.
Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar” deb belgilangan qoida talablariga to‘la mos keladi.
Ayniqsa, Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot davrida barcha sohalarda olib borilayotgan o‘zgarishlar jarayonida ham bu qoida ustuvor ekanligini hammamiz bilib, sezib turibmiz.
Buni mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida Taraqqiyot strategiyasi doirasida xalqimizni rozi qilish, shahar va qishloqlarimizni yanada obod etish, odamlar turmush darajasini yaxshilash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarda ham ko‘rishimiz mumkin.
Xususan, yakunlanib borayotgan 2022 yilda ijtimoiy himoyaning muhim kafolati bo‘lgan yangi ish joylari yaratish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini “Temir daftar”, ayollar va yoshlar daftarlaridan chiqarish, odamlarni muqim daromad manbaiga ega qilish borasidagi ishlarimiz natijasida 440 mingga yaqin fuqarolarimizning bandligining ta’minlanishiga erishildi.
[gallery-9871]
Joriy yilning hududiy korxonalar tomonidan 210,0 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.
Shu bilan birga, hududiy investitsiya dasturi doirasida 300,0 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.
Yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 315,8 million dollarni, belgilangan reja 104 foizga bajarilishi ta’minlanadi.
2022 yil Investitsiya, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida 100 dan ortiq ijtimoiy soha ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari yakuniga yetkazildi.
Poyoniga yetib borayotgan yil viloyatda agrar sohada, fermer va dehqonlarimiz, umuman, qishloq mehnatkashlari hayotida ancha mashaqqatli va sinovli kechdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Qiyinchiliklarga qaramay, ko‘p yillik tajribaga tayanib, ishga mas’uliyat va javobgarlik hissi bilan yondashgan viloyat g‘allakorlari vatanimiz g‘alla xirmoniga 424 ming tonnadan ortiq sara don yetkazib berdi. Natijada shartnomaviy rejani ancha ortig‘i bilan bajardi. Paxtakorlar ham 360 ming tonnalik dovonni sharaf bilan zabt etdi.
Qishloq joylarida istiqomat qiladigan aholini qo‘shimcha daromad bilan ta’minlash maqsadida 44 mingga yaqin oilaga 10 sotixli yer maydonlarini ajratish orqali 135 ming nafardan ortiq fuqarolarimizning bandligi ta’minlandi.
Ma’lumki, Konstitutsiya har qanday demokratik davlatning huquqiy asosi hisoblanadi. Unda muayyan mamlakat suvereniteti, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimi, bu yerda istiqomat qilayotgan aholining ustuvor huquqlari belgilab beriladi. Jahondagi turli davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, milliy Konstitutsiyalarning bir necha bor o‘zgarishiga guvoh bo‘lganmiz.
Bu tabiiy jarayon. Negaki yillar o‘tishi bilan jamiyat, ijtimoiy qarashlar o‘zgarishi bilan qonunchilikda yangi o‘zgartirishlar kiritilishini muhit va zamonning o‘zi taqozo qilaveradi. Shu maqsadda, Oliy Majlis huzurida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya o‘z ishini boshladi. Mazkur komissiyaga viloyatdan ham bir necha faollarimiz o‘z takliflarini bildirdi.
Zero, O‘zbekiston Respublikasida yashayotgan, uning fuqarosi bo‘lgan har bir shaxs shu jamiyatning ongli va daxldor a’zosi sifatida Konstitutsiyani shakllantirishga bevosita haqlidir.
Zero yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi shu yurtda yashayotgan har bir fuqaro, har bir shaxsning qonuniy manfaatlarini ifoda etishi va inson qadri tamoyilini aks ettirishi zarurdir.
Viloyat san’at ustalari, yosh xonandalar, opera ijrochilari, bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi, milliy kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov, O‘zA