Buxoroda jurnalistlar sharaflandi
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Buxoroda bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatda faoliyat yuritayotgan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari, matbuot tarqatish bilan shug‘ullanadigan korxonalar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, viloyat hokimi Botir Zaripov matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida gapirib o‘tdi.
[gallery-7748]
Chindan ham, viloyat hokimi alohida qayd etib o‘tganidek, davlat va hokimiyat idoralari faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida joylarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, davlat va jamiyat o‘rtasida shaffof munosabatni qaror toptirish ham ommaviy axborot vositalari oldida turgan vazifalar sirasiga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham fuqarolarning fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi, axborot izlash, olish hamda uni tarqatishga oid huquqlari, ommaviy axborot vositalari erkin, qonunga muvofiq faoliyat yuritishi, axborot xavfsizligiga doir kafolatlarning asosiy tamoyillarini belgilovchi me’yorlar mustahkamlab qo‘yilgan. Tadbirda sohada faol mehnat qilib kelayotgan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining faxriy yorlig‘i, viloyat hokimining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA