Buxoro xabarlari – qisqa satrlarda
Har bir murojaat nazoratda
Majburiy ijro byurosi Buxoro viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlariga kelib tushgan yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini ijobiy hal qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida byuroga jami 4758 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 4533 tasining hal qilinishi ta’minlangan.

Murojaatlarning 2362 tasi qanoatlantirilgan. 1199 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan. 2170 ta murojaatga tushuntirishlar berilgan.
Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davrida jami 2926 nafar, shundan 138 nafar yuridik shaxsning vakillari qabul qilingan. Xususan, joylarda tashkil qilingan sayyor va ommaviy qabullarda 148 nafar fuqaro qabul qilinib, murojaatlari hal qilingan.
Ko‘rib chiqilib, hal qilingan murojaatlarning 3612 tasi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish sohasidagi murojaatlar bo‘lib, shundan 2234 tasi aliment undirish bilan bog‘liq murojaatlardir.
O‘g‘iloy “Inson” ko‘magida ishli bo‘ldi
Buxoro viloyati Kogon tumanida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi ko‘magi bilan bir guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat idoralarida o‘z ish faoliyatini boshladi.

–Tumandagi Mustaqillik mahallasida istiqomat qilib kelayotgan O‘g‘iloy Nosirova bolaligidan sportning shaxmat turi bilan shug‘ullanadi, –deydi tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Zafar Qobilov. –2023 yilda nogironligi bo‘lgan sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “O‘zbekiston kubogi” musobaqasida 2-o‘rinni egallagan, 2014 yilda esa shaxmat bo‘yicha 1-razryad olgan O‘g‘iloyning sportdagi yutuqlari inobatga olinib, tumandagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabiga shaxmat treneri lavozimiga ishga joylashtirildi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi ko‘magi bilan “vacancy.argos.uz” platformasi orqali ariza qoldirib, suhbat asosida ishga qabul qilingan qahramonimiz hozir 30 nafardan ortiq shogirdiga aql gimnastikasi hisoblangan shaxmatdan saboq bermoqda.
“Og‘ir toifa”dagi yoshlar ro‘yxatdan chiqarildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2023 yil 11 aprel kuni “Yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari” yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha Buxoro viloyati Romitan tumanidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi 24 nafar yosh Buxoro davlat pedagogika instituti rektoriga biriktirilgan edi.
Yoshlar Romitan tumanining “Decha”, “Toshrabot”, “Chelong‘u” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiladi.
Biriktirilgan yoshlarning 1 nafari notinch oilada yashaydi, 8 nafari profilaktik hisobda,13 nafari xorijiy migratsiyadan qaytgan, 2 nafari probatsiya hisobida turadi.
Institut rektori B.Ma’murov ushbu yoshlar bilan o‘zining yashash manzilida suhbatlar o‘tkazdi. Ularni Buxoro davlat pedagogika institutiga taklif etgan holda uchrashuvlar tashkil etdi.
Uchrashuvlar davomida yoshlarning 2 nafariga qo‘shimcha tomorqa yer maydonlari ajratildi. 2 nafari qiziqishlaridan kelib chiqqan holda kompyuter savodxonligi va sport to‘garaklariga jalb etildi. 4 nafar yosh profilaktik hisobdan, 1 nafari probatsiya hisobidan chiqarildi. Biriktirilgan yoshlarning 5 nafari “og‘ir toifa”daligi sababli tuzalish yo‘liga qaytdi. Natijada ular ro‘yxatdan chiqarildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari