Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“O‘zenergoinspeksiya” Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan navbatdagi nazorat tadbiri o‘tkazildi.
Natijada Olot tumanida joylashgan “J.M.K.T.K.” MCHJga qarashli tibbiyot markazida gaz hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi aniqlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qoidabuzarlik natijasida gaz ta’minoti korxonasiga 482,4 million so‘mlik zarar yetkazilgan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
* * *
Majburiy ijro byurosi Buxoro viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari ish yurituvidagi nomulkiy turdagi ijro hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy yilda ish yurituvda jami 3 105 ta nomulkiy turdagi ijro hujjatlar bo‘lib, shundan 1 538 tasi noqonuniy qurilma buzish, 281 tasi uyga kiritish yoki chiqarish, 415 tasi bola olib berish yoki bola bilan uchrashtirish, 537 tasi majburiyat yuklash, 32 tasi ishga tiklash va 302 tasi boshqa nomulkiy turdagi ijro hujjatlarni tashkil etgan.
Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida 1 016 ta ijro hujjatlar bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilingan bo‘lsa, shundan 701 ta ijro hujjatlarning ijrosi amalda tamomlangan.
Misol uchun, fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining ijro hujjatiga ko‘ra undiruvchi fuqaro Buxoro muhandislik-texnologiya institutining bosh energetik lavozimiga ishga tiklanib, ijro ishi amalda tamomlangan.
* * *
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi Sanoat va transport texnikumining bo‘sh turgan binosida “Ilk rivojlanish markazi” o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu markaz ehtiyojmand oilalar farzandlarini bepul maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish, ularning kelajak hayotiga mustahkam poydevor qo‘yish maqsadda tashkil etildi.

Zamonaviy tarzda ta’mirlangan markazda kichkintoylar uchun yorug‘ va qulay mashg‘ulot xonalari, o‘quv-uslubiy jihozlar hamda xavfsiz o‘yin maydonchalari yaratilgan. Dastlab 240 nafar bolalar qamrab olinib, ta’lim jarayonlari ikki smenada to‘rt soatdan olib boriladi.

Shuningdek, alohida parvarishga muhtoj, inklyuziv (imkoniyati cheklangan bolalar) ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar ham e’tibordan chetda qolmaydi. Ular uchun uyga tashrif buyurilgan holda individual ta’lim tashkil etiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.