Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Bosh Prokuratura departamentining Buxoro shahri bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sh.A. yer maydonini noqonuniy sotishga uringani fosh etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u Vobkent tumani “Latif Sobungar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 6 nafar fuqaroga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun ajratilgan 60 sotix yer maydonini o‘z rahbarligidagi “Sh.O‘.” fermer xo‘jaligiga tegishli ekanligini aytib, yerni kadastr bo‘limidagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 90 million so‘m pul olgan paytida qo‘lga olingan.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
***
30 mart – Xalqaro chiqindilarsiz dunyo kuni munosabati bilan Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan Buxoro shahridagi “Somoniylar” istirohat bog‘ida chiqindilarni tozalash aksiyasi tashkil etildi.

Aksiya doirasida viloyat Ekologiya boshqarmasi xodimlari, Buxoro Pedagogika instituti talabalari, viloyat “Yosh ekologlar harakati” a’zolari, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodni rivojlantirish agentligi viloyat boshqarmasi va boshqa tashkilotlar ishtirok etdi.


“Plogging” loyihasi doirasida ishtirokchilar 5 ta guruhga bo‘linib, 550 kilogrammdan ortiq chiqindilarni yig‘di. Faol ishtirok etgan guruhlarga boshqarma tomonidan esdalik sovg‘alar va tashakkurnomalar topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.