Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
JICA vakillari Buxoroda
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi – JICA vakillari Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida bo‘ldi. Mehmonlar markazda yaratilgan shart-sharoit bilan tanishdi va bo‘limlarda mutaxassislar bilan suhbat o‘tkazdi. Shuningdek, davolash-diagnostika, kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy masalalar, hamda hamkorlikni amalga oshirish borasida maqsadli rejalar tuzildi.
Ayni kunda tibbiyotda nafaqat tezkor ishlanmalar, zamonaviy klinik protokollarning joriy etilayotgani zamonaviy laboratoriyalarni shakllantirish, viloyat aholisiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.


Xalqaro darajadagi sertifikat
Buxoro davlat universitetining Turizm ta’lim dasturlari UNWTO TedQual xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi.
UNWTO TedQual kvalifikatsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) tomonidan dunyo bo‘ylab ta’lim muassasalarida malaka oshirish dasturlari sifatini ta’minlash uchun beriladigan xalqaro darajadagi sertifikatdir. TedQual Jahon turizm tashkilotining (UNWTO) akkreditatsiyasi bo‘lib, UNWTO.TedQual Themis fondi tomonidan amalga oshiriladi. Sertifikatlash mezonlari turizm sohasidagi o‘quv dasturlarining sifati, samaradorligi va o‘quv jarayonlariga, akademik sektorda, talabalar va tashqi hamkorlarga, davlat va xususiy sektorlarga tegishliligini o‘z ichiga oladi.
– Turizm va mehmondo‘stlik ta’limini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish ko‘p qirrali istiqbolga ega, – deydi universitetning Axborot xizmati bo‘limi boshlig‘i Otabek Jalolov. – Buxoro davlat universiteti uchun xalqaro akkreditatsiya Turizm va mehmondo‘stlik yo‘nalishi dasturlarining sifatini yaxshilashga, ta’lim yo‘nalishi jozibadorligini va global miqyosda raqobatbardoshlikni kafolatlaydi.

O‘zaro hamkorlik aloqalari
Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov “Acharya Group”ning asoschisi va raisi Premnath Reddi Basanini qabul qildi. O‘zaro muloqotda hamkorlikning joriy holati va istiqbollari haqida fikr almashildi.
Hokim “Acharya Group” bilan amalga oshirilayotgan loyiha viloyatda zamonaviy axborot texnologiyalarini yangi bosqichda rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘layotganini alohida ta’kidladi. O‘z navbatida Premnath Reddi Basani janoblari samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.


O‘zbekistonda, xususan, Buxoroda investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga yuqori baho berdi. Shuningdek, Shofirkon tumanida qurilishi boshlangan klinika huzurida tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash, qolaversa, dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish, elektrotexnika mahsulotlarini hamda tibbiyotda foydalaniladigan asbob-uskunalar ishlab chiqarish, oziq-ovqatni qayta ishlash kabi bir qancha yo‘nalishlarga investitsiya kiritish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.