Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya faoliyati davom etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi huzuridagi Psixologik-tibbiy -pedagogik komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Komissiyaga jami 425 ta ariza kelib tushgan. Komissiya xulosasiga asosan, maxsus maktab- internatlarga 273 nafar, maxsus maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 29 nafar, “G‘amxo‘rlik” guruhlariga 9 nafar, umumta’lim maktablarining inklyuziv sinflariga 18 nafar, “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat-uylariga 2 nafar va kunduzgi parvarishlash guruhlariga 20 nafar bola yo‘naltirildi. 58 nafar bolaning tashxisi to‘g‘ri kelmaganligi sababli oddiy maktablarga yo‘llanma berildi.

***
Saksovul butalarini sindirgan fuqaroga jarima qo‘llanildi
Buxoro viloyati Olot tuman inspeksiyasi inspektorlari tomonidan cho‘l hududlarida navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida Jondor tumanida yashovchi fuqaro Z.O. Olot tumani cho‘l hududidan tabiiy holatda o‘sgan saksovul o‘simliklarini noqonuniy tarzda sindirib, olib ketayotganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan huquqbuzar fuqaroga nisbatan MJtKning 79-modda 2-qismiga asosan 7 140 000 so‘m jarima hamda tabiatga yetkazilgan zarar qo‘llanildi.
Ma’lumot uchun: Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqaramasi tomonidan avgust oyida o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida 198 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, 297 million so‘m jarima hamda tabiatga 107 million so‘m zarar hisoblandi.
50 kmga yaqin gaz quvuri rekonstruksiya qilindi
Buxoro viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari davom etmoqda. Viloyatning bir qator hududlarida gaz maromlash qurilmalari tartibga keltirilmoqda. Gaz quvurlari esa rekonstruksiya qilinmoqda.

Boshqa ob’ektlarda bo‘lgani kabi Romitan tumanining “Zarafshon”, “Ibn Sino”, “Afrosiyob”, “Bobur”, “Gazli” va “Hazortut” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham manzilli ishlar tashkil etildi. Ushbu olti hudud aholisiga bir maromda tabiiy gazni yetkazib berish hamda mavsumda ta’minot bilan bog‘liq yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammoning oldini olish uchun olib borilgan jarayonlar davomida 1305 ta xonadonning tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanadigan bo‘ldi.

–-Viloyatda bugunga qadar 50 kmga yaqin gaz quvurlarida rekonstruksiya ishlari bajarildi, –deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bosh muhandisi Sirojiddin Avezov. –Ko‘plab mahallalarda ish jarayonlari samarali davom etdi. Ayni damda esa Qorovulbozorning Jarqoq hamda Kogon tumanidagi Niyozhoji mahallalarida quvurlar rekonstruksiya qilinmoqda. Ta’kidlash lozim, buning natijasida 34 ming 560 ta xonadonda tabiiy gaz ta’minoti yanada yaxshilanishiga erishiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri