Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoro viloyati Jondor tumani Denov mahallasida yashovchi nogironligi bo‘lgan Shahodat Mirzayeva bolalikdan nogiron.
Ota-onasi, aka-singillari doimo uning og‘irini yengil qilish, har tomonlama ruhini ko‘tarish uchun harakatda. Ijtimoiy xodim Azamat Ganiyev yordami bilan unga elektron aravacha buyurtma qilishdi.
Bir hafta muddatda Shahodat opaning buyurtmasi Jondor tumani shoxobchasiga yetib keldi.


Ijtimoiy xodim va mahalla raisi birgalikda opaning buyurtmasini xonadoniga yetkazdi.
– Bolalikdan nogironman, – deydi qahramonimiz. – Bir necha oy ilgari elektron aravachaga muhtojligim bo‘yicha murojaat qilgan edim. Mahallamiz ijtimoiy xodimi yangi tizim asosida qisqa muddatda buyurtma berish tartibini o‘rgatdi. Yangi qulaylik, yangi imkoniyatlar uchun barcha mutasaddilarga rahmat. Endi men zamonaviy elektron aravacha bilan ko‘cha aylanaman. Mehmondorchilikka borish imkoniyatim mavjud.
***
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan shahar va tuman bo‘limlari hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari hamkorligida mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda oliy ta’lim muassasalarining pedagogika yo‘nalishi bitiruvchilari uchun ish o‘rinlari taqdim etildi.
Yarmarkada viloyatdagi 615 ta maktabgacha va maktab direktorlari jalb etildi. Mazkur korxonalar o‘zlaridagi mavjud bo‘lgan 568 shtat birligidagi bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.


Tashkilot va muassasalardan kelgan vakillar yarmarkada ishga joylashish istagida bo‘lgan 638 nafardan ortiq bitiruvchi yoshlarga mavjud ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
– Bunday yarmarkalar, nafaqat bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash balki, umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlariga bilimli va iqtidorli kadrlarni tanlab olish imkoniyatini ham beradi, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Muqimov. – Aytish joizki, jarayon davomida 220 nafar bitiruvchiga o‘zlariga ma’qul kelgan bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘llanma berildi.
***
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara bojxona postiga xorijiy yo‘nalish bo‘ylab kirib kelgan yuklar tegishli tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi.
Mazkur yuklar Z-Portal inspeksiya ko‘rik majmuasida skanerdan o‘tkazildi. Tovarlarning rentgen tasvirlari va bojxona yuk deklaratsiyasida aniqlangan tafovut esa, bojxona ko‘rigidan o‘tkazish lozimligini ko‘rsatdi.


Natijada, tegishli hujjatlarda qayd etilmagan, umumiy qiymati 493 million so‘mni tashkil etuvchi gaz plita ehtiyot qismlari borligi aniqlandi. Shu tariqa noqonuniy tovar aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.