Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Kogon shahri Mirzo Ulug‘bek mahallasida istiqomat qiluvchi Umida opa Raupova 1974 yilda tug‘ilgan. U madaniyat texnikumini kutubxonachilik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 23 yil davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ishlagan.
Qahramonimiz yaqinda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun vacancy.argos.uz platformasi orqali e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlaridan biriga ariza topshirdi. Ochiq tanlovlarda suhbatdan yaxshi o‘tib, Kogon shahridagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga kutubxonachi lavozimiga ishga qabul qilindi.

– Uzoq yillar davomida soham bo‘yicha ishladim, – deydi Umida Raupova. – So‘nggi yillarda esa sog‘ligim ancha yomonlashib, ishdan ketishga majbur bo‘ldim. Davolanganimdan keyin o‘zimga mos ish topish muammo bo‘ldi. Hududimizdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari men kabi nogironligi bo‘lganlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilinganini aytganida qiziqib ko‘rdim. Ariza qoldirdim va suhbat asosida ishga qabul qilindim.
****
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi ichki yo‘lni mukammal ta’mirlash uchun “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida mahalliy byudjetdan 17 milliard 680 million so‘m moliyalashtirilgan.

Ayni paytda tashabbuskorlar va mahalliy aholining talab va istaklari, ovozlari asosida nisbatan ko‘p ovoz bilan g‘olib deb topilgan yo‘l-qurilish inshootlarida qurilish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Tumanning “Qassobon” mahalla fuqarolar yig‘ini Bog‘chag‘ozi qishlog‘i ichki yo‘llarini talab darajasida ta’mirlash maqsadida mazkur ob’ektda 2,84 kilometr ichki yo‘lga asfalt yotqizilmoqda.

Loyihani o‘z vaqtida sifatli amalga oshirish uchun “Buxoro yo‘llardan muntazam foydalanish korxonasi” davlat muassasasi “Shaffof qurilish” platformasi orqali g‘olib deb topilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri