Buxoro viloyati mahallalar kengashi yangi binoda
Mustaqillik bayramimizning 28 yilligi arafasida Buxoro viloyati mahallalar kengashining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Mustaqillik bayramimizning 28 yilligi arafasida Buxoro viloyati mahallalar kengashining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faollar ishtirokida tantanali marosim boʻldi. Unda respublika mahallalar kengashi boshqaruvi raisi Sh.Javlonov qatnashdi.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatining asosiy oʻzaklaridan biri sifatida eʼtirof etilgan mahalla institutining mavqei va roli oshib bormoqda. Bugungi kunda ilgari davlat idoralari vakolatiga tegishli boʻlgan vazifalarning 30 dan ziyodi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari zimmasiga oʻtkazilgan.
Taʼkidlash kerak, mazkur institutning huquqiy asoslari mustahkamlanib borayotir. Prezidentimizning 2017-yil 3-fevralda qabul qilingan “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini yuqori bosqichga koʻtarish, ular moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Masalan, ushbu farmonga muvofiq, Buxoro viloyatning Vobkent, Shofirkon, Buxoro, Romitan, Kogon tumanlarida zamonaviy “Mahalla markazi” majmualari bunyod etildi. Yigirma ikkita fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yigʻini yangi binoda faoliyatini davom ettirayotir. Ellikka yaqini mukammal taʼmirdan chiqarildi. Shuningdek, ayni paytda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va “Obod markaz” dasturlari asosida 25 ta mahalla binosi qurilyapti, 14 tasi esa mukammal taʼmirlanmoqda. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining barchasi kompyuter jamlanmasi bilan taʼminlandi. Shahar va tumanlar kengashlari boshqaruvi raislari uchun xizmat mashinalari ajratildi.
– Tegishli shart-sharoitlar yaratilishi, mahalla fuqarolar yigʻinlarining mahalliy davlat hokimiyatlari, ichki ishlar organlari, xotin- qizlar qoʻmitalari, turli jamoat tashkilotlari bilan hamkorligi mustahkamlanib borayotgani samarasida hududlarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklar soni kamaymoqda, – deydi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha viloyat mahallalar kengashi boshqaruvi raisi Ahror Gʻulomov. – Masalan, joriy yilning oʻtgan 7 oyida viloyatdagi 544 ta mahallaning 325 tasida umuman jinoyat sodir etilgani yoʻq. Boshqacha aytganda, oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan ana shunday ijobiy natijaga erishgan mahallalar soni 150 taga koʻp.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha viloyat mahallalar kengashi yangi binosining foydalanishga topshirilishi mazkur tuzilmaning ish samaradorligini yanada oshirish, quyi tizimlar bilan tezkor aloqalarni yoʻlga qoʻyish, muammolarni tahlil qilish va bartaraf etishda katta imkoniyat yaratadi. Bu yerda xodimlar uchun keng qulayliklar yaratilgan. Binoda yigʻilishlar zali, konferenszal, sport zali ham mavjud. Shuningdek, bu yerda “Mahalla” fondi viloyat boʻlimi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Buxoro shahar mahallalar kengashi ham joylashgan.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Oʻ. Barnoyev soʻzga chiqdi.