Buxoro – Tyumen: hamkorlikning yangi ufqlari
O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi bosh konsulligi tomonidan joriy yilning oktyabr oyida Tyumen davlat universitetiga qilingan tashrif doirasida universitetga 5 tomli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”sovg‘a qilingan hamda o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida “O‘zbekiston burchagi”ni tashkil qilish g‘oyasi muhokama qilingan edi.
O‘sha paytda Tyumen davlat universiteti vakillari O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasidagi jadal o‘zgarishlardan xabardor ekanliklarini, mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatida Buxoro davlat universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi ekanliklarini ma’lum qilgan edi.

Tyumen davlat universiteti Rossiya OTMlarining jahon ta’lim muhitidagi raqobatdardoshligini oshirish hamda yaqin yillarda 5 ta OTMning jahon reytinglarida yuqori 100 talikka kirishiga qaratilgan “5-100” dasturi a’zosi ekanligi unda yuqori ta’lim sifatiga erishilganidan dalolat beradi.
Bosh konsullik tashabbusi bilan boshlangan amaliy ishlar o‘z natijasini berib, kuni kecha ikkala oliy ta’lim muassasi rahbariyatining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yilda tashkil topganining 90 yilligini nishonlagan tengdosh universitetlar hamkorlikning ustivor yo‘nalishlari bo‘yicha kelishib olishdi. Yaqin kunlar ichida hamkorlik memorandumini imzolash jarayoni o‘tkazilib, u o‘z navbatida Tyumen davlat universitetida “O‘zbekiston burchagi”ning ochilishi tadbiriga ham ulanib ketadi. Universitet kutubxonasida tashkil qilinadigan burchak o‘zbek tili, mamlakatimiz tarixi, madaniyati, turizm va iqtisodiy imkoniyatlari haqida ma’lumotlar, shuningdek o‘zbek adabiyotining nodir namunalari bilan to‘ldiriladi. Ushbu tashabbus hududdagi o‘zbek diasporasi uchun ham, ilmiy tadqiqotchilar uchun ham katta sovg‘a bo‘ladi.
Tyumenlik olimlar hamkorlik qilish uchun Buxoro davlat universiteti bejizga tanlanmaganligini, Tyumen hududini bugungi O‘zbekiston, xususan Buxoro bilan bir necha yuz yillik savdo, madaniy va ta’lim aloqalari bog‘lab turishini ta’kidlab o‘tishdi. Bu yerlarga 15-asrdan boshlab buxorolik tadbirkorlar, olimlar, hunarmandlar kelib joylashishganini, ular yashab o‘tgan joylar hozirgi kunda “Buxoro mahallasi” (“Buxarskaya sloboda”) deb nomlanishi, TyumDUda bu sohada bir qator ilmiy izlanishlar olib borilganligi ma’lum qilindi. Universitetlar 2021 yilning boshida xalqaro konferensiya tashkil qilish hamda unda mana shu izlanishlarning natijalari bo‘yicha ma’ruzalar qilishga kelishib olishdi.

Hamkorlikning ustivor yo‘nalishlari qatorida bugungi kunning dolzarb masalasi bo‘lib turgan raqamli iqtisodiyot, innovatsion izlanishlar, biotexnologiya, turizm masalalari ham qamrab olindi. Yosh iqtidorlarning o‘z ishlanmalarini tengdoshlariga namoyish qilish, innovatsion yechimlar bo‘yicha fikr almashinish maqsadida har ikkala universitetda faoliyat ko‘rsatayotgan biznes-akseleratorlarning onlayn taqdimotlarini o‘tkazish rejalashtirildi.
Ahror Jo‘rayev, BuxDU prorektori