“Buxoro” telekanalida yangi loyiha
Navro‘z kuni “Buxoro” telekanalida “Assalom, Navro‘z” shiori ostida telemarafon efirga uzatildi.
Viloyat ahliga haqiqiy bayram kayfiyatini ulashish, yurtdoshlarimizning fikr mulohazalari, qolaversa qutlug‘ sana munosabati bilan joylardan tayyorlangan qiziqarli reportajlar chin ma’noda bayram shukuhini berdi.

Bevosita ushbu jarayonlarning qizikarli bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etgan “Buxoro” telekanalining bayramona bezatilgan studiyasiga katta ekranlar o‘rnatildi. Bir tomonda atrofiga ko‘rpachalar yozilgan xontaxta ustiga navro‘ziy taomlar, ikkinchi tomonda suhbatdoshlar uchun alohida o‘rindiklar. Xullas, Navro‘zni ifoda etuvchi barcha rekvizitlarni ko‘rsa bo‘lardi.

Telemarafonda viloyatning har bir tumanidan reportajlar uzatildi.
Dasturni telejurnalistlar Lobar Kilichova, Farida Ochilova, yosh suxandonlar Sunnat Choriyev va Shahzod Turdiyevlar “Ustoz va shogird” an’analariga amal qilgan holda olib bordi.

–Telemarafon 4 soat davom etdi, – deydi viloyat TRK direktori o‘rinbosari Obid Shabanov. – Unda viloyatning ijtimoiy, siyesiy, madaniy, shuningdek, mahalla tizimi, xotin-qizlar hamda yoshlar masalalariga keng e’tibor berildi. Jonli efirda ishtirok etganlar mamlakatimizda so‘nggi yillarda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarga va uning samarasiga to‘xtalishdi. Mazkur tadbirni yuqori darajada tashkil etilishida viloyat xokimligi va xamkor tashkilotlarning xizmati katta bo‘ldi. Ushbu loyihani amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad esa yagona.
Ya’ni bayram kunlarida teletomoshobinlar kayfiyatini ko‘tarishdan iborat edi.


Zarif Komilov,
O‘zA