Buxoro ta’limi yuksalish pallasida
Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, har bir bolaga sifatli bilim olish imkoniyatini yaratish, pedagogning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish hamda zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan ezgu g‘oya bugun nafaqat shior, balki amaliy ishlarda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan maktabgacha ta’limdan tortib umumiy o‘rta ta’lim, raqamli texnologiyalar, xorijiy tillar, sun’iy intellekt, xalqaro hamkorlik va pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda. Bu jarayonda Buxoro viloyati ham mamlakatimizda ta’lim sohasidagi eng ilg‘or hududlardan biri sifatida yangi natijalarga erishib bormoqda.
Ayni paytda viloyatda 536 ta umumta’lim maktabi, 35 ta xususiy maktab, 13 ta ixtisoslashtirilgan maktab, Prezident maktabi, 14 ta “Kelajak” markazi, bolalar kutubxonasi, 2 210 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda Pedagogik mahorat markazi faoliyat yuritmoqda. Bu muassasalarda yuz minglab farzandlar sifatli ta’lim va tarbiya olib, ertangi kunning bilimli va raqobatbardosh kadrlari sifatida voyaga yetmoqda.
Maktabgacha ta’lim sohasida ham salmoqli natijalar qo‘lga kiritildi. Bugungi kunda 3–7 yoshli bolalarning 163 ming nafardan ortig‘i, ya’ni 90,4 foizi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Shuningdek, 160 ta maktabda tashkil etilgan 321 ta majburiy bir yillik tayyorlov guruhlarida qariyb 8 ming nafar bola ta’lim olmoqda. Natijada qamrov darajasi bir yilning o‘zida 91,3 foizga yetdi.
Vobkent, Jondor, G‘ijduvon, Olot, Romitan va Qorovulbozor tumanlarida tashkil etilgan “Ilk rivojlanish markazlari” esa yana yuzlab bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishiga keng imkoniyat yaratdi.

Ta’lim sifatini oshirish yo‘lida amalga oshirilgan islohotlar natijasida pedagoglarning kasbiy salohiyati ham sezilarli yuksaldi. Oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar soni yil sayin oshib bormoqda. Ayniqsa, xorijiy tillarni o‘qitish sohasida katta burilish kuzatilmoqda. Viloyatda faoliyat yuritayotgan 3 416 nafar xorijiy til o‘qituvchisining qariyb 3 ming nafari xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘lib, ularning aksariyati V2 va S1 darajasidagi bilimlarini tasdiqlagan.
Prezidentimiz tomonidan o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirishga qaratilayotgan e’tibor samarasi o‘laroq bugun Buxoroda 2 ming nafardan ziyod pedagogning oylik maoshi ming AQSH dollari va undan yuqori miqdorga yetgani ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan tarixiy o‘zgarishlarning yaqqol isbotidir. Ularning qariyb 200 nafarini maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari tashkil etadi.

Pedagoglarning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Yangi elektron platforma orqali 49 nafar pedagogning tajribasi respublika miqyosida, yuzlab o‘qituvchilarning ish uslublari esa viloyat va tuman darajasida ommalashtirildi. Bu esa ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qilmoqda.
Bitiruvchilarning yutuqlari ham Buxoro ta’limining yuksak salohiyatini namoyon etmoqda. Joriy o‘quv yilida 23 740 nafar o‘quvchi maktabni tamomladi. Ularning 426 nafari oltin, 127 nafari kumush medal sohibi bo‘ldi.
Fan olimpiadalarida erishilgan natijalar esa alohida e’tirofga loyiq. Xalqaro olimpiadalarda Buxoro o‘quvchilari 23 ta medal, jumladan, 1 ta oltin, 15 ta kumush va 7 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Respublika bosqichida esa bir nechta g‘oliblik o‘rinlari egallandi.
Buxoro ta’limida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham mutlaqo yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablariga xodimlarni ishga qabul qilish jarayonlari birinchi marta to‘liq elektron, shaffof va ochiq tanlov asosida tashkil etildi. Bu esa sohada adolat va oshkoralikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Viloyatda zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ta’lim muhitini shakllantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Janubiy Koreyaning ENOZ ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda Buxoro shahridagi 42-ixtisoslashtirilgan maktabda sun’iy intellekt, robototexnika, dasturlash, virtual va kengaytirilgan reallik texnologiyalari bo‘yicha innovatsion ta’lim modeli yo‘lga qo‘yildi. Bir milliard so‘mlik ushbu loyiha bugun barcha tuman va shaharlarga bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda.

“Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi doirasida esa 11-sinf o‘quvchilarining til bilish darajasi baholanib, oliy ta’lim muassasalari va xorijlik mutaxassislar ishtirokida maxsus mashg‘ulotlar tashkil etildi. Natijada 9 125 nafar bitiruvchi milliy va xalqaro til sertifikatlarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Oliy ta’limga tayyorgarlikni kuchaytirish maqsadida umumta’lim maktablarida matematika, ona tili va tarix fanlaridan maxsus to‘garaklar tashkil qilinib, ularga eng tajribali pedagoglar jalb etildi.
Xalqaro hamkorlik doirasida 80 nafar xorijlik o‘qituvchi Buxoro maktablarida faoliyat yuritdi. Shuningdek, yuz nafardan ziyod mahalliy pedagog Koreya, Xitoy, Fransiya va Iordaniyada malaka oshirib qaytdi.
Ta’lim infratuzilmasini yaxshilashga ham ulkan mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. 2026-yilda qariyb 1,1 trillion so‘m mablag‘ evaziga 215 ta ta’lim muassasasida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Buning natijasida 6 ta yangi muassasa barpo etiladi, 107 tasi rekonstruksiya qilinib, 102 tasi mukammal ta’mirlanadi. Eng muhimi, qo‘shimcha 22 mingdan ortiq o‘quvchi va 5 700 dan ziyod tarbiyalanuvchi o‘rni yaratiladi.

Raqamli ta’lim sohasida ham Buxoro yetakchi hududlardan biriga aylanmoqda. Barcha umumta’lim maktablari yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulangan. 862 ta informatika xonasi zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan. Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan robototexnika, dasturlash va sun’iy intellekt xonalari tashkil etildi.
Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasida Buxoro viloyatidan 134 ming nafardan ziyod o‘quvchi ishtirok etib, sertifikat sohibiga aylandi. Loyihada faol qatnashgan o‘quvchilar va o‘qituvchilar munosib rag‘batlantirildi.
Xulosa qilib aytganda, Buxoro viloyati ta’lim tizimida qo‘lga kiritilayotgan bu ulkan natijalar — Prezidentimiz rahbarligida ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, oqilona siyosat va izchil islohotlarning amaliy samarasidir. Zamonaviy maktablar, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, xalqaro hamkorlik, kuchli pedagoglar va bilimli yoshlar uyg‘unligi bugun Buxoroni mamlakatimiz ta’lim sohasidagi eng ilg‘or hududlardan biriga aylantirmoqda. Zero, ta’limga kiritilgan har bir sarmoya — millat kelajagiga qo‘yilgan eng ishonchli sarmoyadir. Buxoroda yaratilayotgan bu mustahkam poydevor esa Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etadigan bilimli, vatanparvar va zamonaviy fikrlaydigan avlodni tarbiyalashga xizmat qilishi bilan beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri