Buxoro tajribasi — Xo‘jayli ayollari hayotida yangi ufqlarni ochmoqda
Prezidentimiz tashabbusi bilan hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, aholi turmush darajasini yaxshilash va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Ana shunday xayrli tashabbuslardan biri sifatida Buxoro viloyati Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanini otaliqqa olib, o‘zining boy tajribasi va imkoniyatlari asosida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Ayniqsa, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahamiyatli natijalar bermoqda. Buxoroda yo‘lga qo‘yilgan bu ezgu tajriba bugun Xo‘jayli ayollarining hayotida yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Yaqinda Xo‘jayli tumanidan saralab olingan 15 nafar xotin-qiz Buxoro shahriga tashrif buyurib, mashhur “Buxoro ipak gilam markazi”da o‘n kunlik maxsus o‘quv kurslarida qatnashdi. Davomli amaliy mashg‘ulotlar jarayonida ular mahalliy tajribali ustalardan ipak gilam to‘qishning nozik jihatlari, qadimiy an’analari va zamonaviy usullarini o‘rganishdi.

Bu ishtirokchilarning aksariyati shu vaqtgacha faqat jundan oddiy gilam to‘qish bilan shug‘ullanib kelgan bo‘lsa, endi ular xalqaro bozorlarda yuqori qadrlanadigan ipak gilamlar tayyorlash sirlarini o‘zlashtirdi. Ma’lumki, ipak gilamchilik yuksak mahorat, sabr va nafosat talab qiluvchi san’at turlaridan biri hisoblanadi. Shu bois mazkur bilim va ko‘nikmalar xotin-qizlar uchun nafaqat yangi kasb, balki barqaror daromad manbai ham bo‘lib xizmat qiladi.
O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Taqdirlash marosimida Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Hafiza Ortiqova ishtirok etib, mazkur tashabbusning ahamiyati, uning kelgusidagi istiqbollari hamda ikki hudud o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashdagi o‘rni haqida fikr bildirdi.
Mutaxassislar ta’kidlayotganidek, mazkur loyiha “Buxoro tajribasi” asosida Xo‘jaylida yangi ipak gilam to‘qish markazlarini tashkil etishga mustahkam zamin yaratadi. Eng muhimi, bu markazlar orqali o‘nlab xotin-qizlar doimiy ish bilan ta’minlanadi, ehtiyojmand oilalarning daromadi ortib, ularning turmush farovonligi yuksaladi.

Kelgusida Qoraqalpog‘iston brendi ostida tayyorlanadigan nafis va pishiq ipak gilamlar nafaqat mahalliy bozorlarda, balki xalqaro ko‘rgazmalar va jahon bozorlarida ham munosib o‘rin egallashi kutilmoqda. Bu esa milliy hunarmandchilik an’analarini saqlash, ularni yangi bosqichga olib chiqish va eksport salohiyatini oshirishda muhim qadam bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, Buxoro va Xo‘jayli o‘rtasidagi mazkur hamkorlik inson qadrini ulug‘lash, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish va milliy hunarmandchilikni rivojlantirishning yorqin namunasiga aylanmoqda. Bugun Buxoroda o‘rganilgan ipak gilamchilik sirlari ertaga Orolbo‘yida yangi korxonalar, yuzlab ish o‘rinlari va jahon bozorlariga chiqadigan milliy brendlar uchun mustahkam poydevor bo‘lishi shubhasiz. Zero, mehnat, bilim va hamkorlik birlashgan joyda taraqqiyot va farovonlik albatta qaror topadi.
Zarif Komilov, O‘zA