Buxoro NQIZ: ishchilar manfaati doimo e’tiborda
Misr Arab Respublikasining Kommunal xo‘jaligi va neft-gaz sanoati tashkilotlari umumiy uyushmasi delegatsiyasi hamda Bahraynning Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbarlari amaliy tashrif bilan Buxoro Neftni qayta ishlash zavodida bo‘ldi.
Misr Arab Respublikasi neft-gaz va kommunal xo‘jalik xodimlari umumiy kasaba uyushmasi prezidenti Hesham Ahmad Fuad Ahmad, xalqaro aloqalar bo‘yicha vitse-prezidenti Ahmad Fahmi Ahmad Mahmud, Bahrayn erkin kasaba uyushmalari federatsiyasi prezidenti Yoqub Yusuf Husaynning Buxoro NQIZ rahbariyati va mutaxassislari bilan uchrashdi. Delegatsiyaga O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya sohasi xodimlari Respublika kengashi raisining o‘rinbosari Sobir Egamberdiyev hamrohlik qildi.


Asosiy maqsad korxona xodimlari uchun yaratilgan mehnat va turmush sharoiti bilan tanishish, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha tajriba almashishdan iborat. Korxona bilan tanishish asosiy ishlab chiqarish sexidan boshlandi. U yerda mehmonlarga bir joydan bir vaqtning o‘zida bir nechta texnologik jarayonlarni amalga oshirish imkonini beruvchi markaziy boshqaruv pulti namoyish etildi.
Mehmonlar zavodning barcha xodimlariga mo‘ljallangan sut mahsulotlari tarqatish punkti, jismoniy sog‘lomlashtirish majmuasida bo‘ldi. Tibbiy yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan muolaja xonalari, shuningdek, fitobarni ko‘zdan kechirdi.


Mehmonlarning barcha savollariga bosh texnolog Abror Xudoyberdiyev, sanoat xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha bosh mutaxassis Oybek Hayitov javob berdi.
Tashrif chog‘ida mehmonlarga Buxoro NQIZ Kasaba uyushma qo‘mitasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi sohasida mehnat qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish ekanligi haqida so‘zlab berildi.


Buxoro NQIZ Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Bahodir Karimov kasaba uyushma qo‘mitasi ish beruvchi bilan ijtimoiy sheriklik va yaqin hamkorlikni rivojlantirish borasida faol ish olib borilayotganligini ta’kidladi. Neft-gaz sanoatida yaratilgan kasaba uyushmalari tizimi ijtimoiy-mehnat munosabatlarini o‘zgaruvchan iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarga mos ravishda tartibga solish, ishchilar va ish beruvchi manfaatlari mutanosibligini doimiy saqlash imkonini beradi.
Mehmonlar Buxoro NQIZ xodimlari bilan uchrashib, korxona xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Ishchi tashrif do‘stona va mehmondo‘stlik muhitida o‘tdi. Uchrashuv so‘ngida mehmonlar samarali va mazmunli qabul uchun korxona rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Korxonada tashkil etilgan yaqin ijtimoiy sheriklik amaliyoti Misr va Bahrayn korxonalarida keng qo‘llanilishini ma’lum qildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.