Buxoro – islom olamida sharif shahar
Joriy yilning 15-aprel kuni Buxoro shahrida “Buxoro – 2020-yilda islom olami madaniyati poytaxti” tadbirlarining tantanali ochilishi rejalashtirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida sharif shahar Buxoroning Islom taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti – AYSESKO tomonidan “Buxoro – 2020-yilda islom olami madaniyati poytaxti“ deb eʼlon qilinishi munosabati bilan mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan maʼrifiy tadbirlarga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Madaniyat vaziri oʻrinbosari Kamola Oqilova, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov va boshqalar mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda olib borilayotgan islohotlar yosh avlod tafakkurini toʻgʻri shakllantirish, Oʻzbekistonning jahondagi mavqei va obroʻsini tobora yuksaltirishdek maqsadlarga yoʻnaltirilganini taʼkidladi.
Joriy yilning 15-aprel kuni Buxoro shahrida “Buxoro – 2020-yilda islom olami madaniyati poytaxti” tadbirlarining tantanali ochilishi rejalashtirilmoqda.
Unda 60 dan ortiq mamlakatdan 300 dan ziyod mehmonlar, shu jumladan, Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar madaniyat vazirlari, YUNESKO, AYSESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar qatnashishi kutilmoqda.
Tadbirlar doirasida “Islom dunyosi madaniy merosida Oʻzbekistonning oʻrni“, “Imom Buxoriyning hadis ilmi rivojiga qoʻshgan hissasi“ mavzularida anjumanlar, xalqaro ilmiy-amaliy forum, xattotlar, hunarmandlar ijodi koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi. Shuningdek, Abduxoliq Gʻijduvoniy tavalludining 915-yilligi va Bahouddin Naqshband tavalludining 700-yilligiga bagʻishlangan tadbirlar tashkil etiladi.
Madaniyat vazirligida AYSESKO delegatsiyasi bilan oʻtkazilgan uchrashuvda noyob islomiy qoʻlyozmalarni nashr etish, Oʻzbekiston olimlari haqida oʻzbek, arab, rus tillarida kitoblar chop etish, Buxorodagi eng yaxshi madaniy loyiha, eng yaxshi hunarmandchilik namunalari uchun AYSESKO mukofotini taʼsis etish bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.
– Buxoro qadim madaniyatlarning bir qanchasini oʻzida mujassam etgan, – dedi Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti (AYSESKO) masʼul vakili Rixiati Salih Najib. – Bu tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad Buxoroning naqadar bagʻrikeng, madaniyatlar chorrahasida joylashgan, ziyoga, ilm-maʼrifatga, ezgulikka intilgan shahar ekanini dunyoga yana bir bor namoyish etishdir. Biz Buxoro shahri hamda Imom Buxoriy mangu qoʻnim topgan Samarqand viloyatida boʻlganimizda hamyurtlaringizning “Buxoro – 2020-yilda islom olami madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinishiga oid tadbirlarga katta koʻtarinkilik, mamnunlik bilan jiddiy tayyorgarlik koʻrayotgani guvohi boʻldik. Betakror tarixiy obidalardan gʻoyat hayratda qoldik.