Buxoro davlat universitetida 10 ta yangi ta’lim yo‘nalishi tashkil etiladi
FOTOREPORTAJ
Buxoro davlat universitetida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab 10 ta yangi va istiqbolli ta’lim yo‘nalishi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi yo‘nalishlar mehnat bozori ehtiyojlari asosida shakllantirilgan bo‘lib, ular orqali mamlakat iqtisodiyoti hamda ijtimoiy sohalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi.
Jumladan, «Davlat audit», «Yurisprudensiya (masofaviy)», «Davolash ishi» va «Tibbiy profilaktika ishi» ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat boshqaruvi, huquqshunoslik va sog‘liqni saqlash sohalari uchun zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilgan.
[gallery-30494]
Universitetda ta’lim sifatini milliy va xalqaro standartlar darajasiga muvofiqlashtirish, o‘quv jarayoni samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Akram Amirqulov boshchiligidagi ekspertlar guruhi hamda agentlik vakillari maxsus davlat akkreditatsiyasi jarayonini o‘tkazish uchun universitetga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida yangi ochilishi rejalashtirilgan ta’lim dasturlari maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazilmoqda. Ekspertlar universitetning o‘quv dasturlari, professor-o‘qituvchilar salohiyati, moddiy-texnik bazasi, klinik va laboratoriya infratuzilmasi hamda raqamli ta’lim muhitini xalqaro sifat mezonlari asosida kompleks baholamoqda.
Shuningdek, universitet rahbariyati, kadrlar buyurtmachilari va soha vakillari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlarda yangi ta’lim dasturlarining dolzarbligi, mehnat bozori talablariga muvofiqligi va yuqori malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur akkreditatsiya jarayoni universitetda zamonaviy, raqobatbardosh va sifatli ta’lim dasturlarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan izchil islohotlarning muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi. Yangi o‘quv yilidan faoliyat boshlaydigan ta’lim yo‘nalishlari mamlakat taraqqiyoti uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA