Buxgalterlar malakasini oshirmoqda
Poytaxtimizda O‘zbekiston buxgalterlar federatsiyasi tomonidan moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston buxgalterlar federatsiyasi tomonidan moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar o‘tkazildi.Har yili an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan mazkur treningda federatsiya a’zolari, aksiyadorlik jamiyatlari vakillari hamda “Deloitte”, “Ernst&Young” va “PricewaterhouseCoopers” kabi xalqaro nufuzli auditlik tashkilotlaridan ekspertlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda aksiyadorlik jamiyatlarining rivojlanishi uchun zarur huquqiy munosabatlarni takomillashtirish masalasi doimiy e’tiborda ekanligi, yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari va ularda faoliyat yuritayotgan buxgalterlarning sohadagi maqomini oshirishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari Islom Karimovning joriy yil 24-apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini tubdan oshirish, bo‘lajak investorlar uchun ularning ochiqligi va jozibadorligini ta’minlash, korxonalarni strategik boshqarishda dasturilamal bo‘lmoqda.
Farmonda chet el kapitali ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatlarini tashkil qilish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu korxonalarda sifatli va yagona moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini va xalqaro audit standartlarini joriy qilishni talab etadi.
– Mazkur tadbirda O‘zbekiston buxgalteriya tizimini isloh qilish imkoniyatlari muhokama etilib, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tishga ko‘maklashish, xalqaro standartlarni qo‘llash borasidagi xalqaro tajriba bilan tanishtirishga harakat qildik, – deydi O‘zbekiston buxgalterlar federatsiyasi boshqaruvi raisi Nozir Ibrohimov. – Zero, joriy yildan 2018-yilgacha barcha aksiyadorlik jamiyatlari yillik moliyaviy hisobotni xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlashi hamda xalqaro audit standartlari doirasida tashqi auditni o‘tkazishni o‘rganishi va faoliyatiga tatbiq etishi zarur.
Ceminarda “Deloitte” kompaniyasi vakillari “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini dastlabki qo‘llash”, “Ernst&Young” mutaxassislari “Adolatli qiymatni baholash” hamda “PricewaterhouseCoopers” ekspertlari “Jamlanma moliyaviy hisobot” kabi mavzularda ma’ruzalar qildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.