Buvaydaga "Aqlvoy" avtobusi keldi
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani “Sho‘rqishloq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga kuni kecha ilk marotaba “Aqlvoy” avtobusi keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mobil guruhlar bazasida maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “O‘zavtosanoat” AJ tomonidan tayyorlangan mazkur ko‘chma maktabgacha ta’lim tashkiloti asosan, respublikamizning eng chekka qishloqlariga, bolalar bog‘chasi qurishning imkoni bo‘lmagan hududlar hamda ovullarda xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.
“Aqlvoy” avtobusi Buvayda tumanidagi Sho‘rqishloq hamda Oltinqo‘rg‘on qishloqlaridagi maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olinmagan 400 nafar bolajonga ta’lim-tarbiya beradi.
Yangi loyihada o‘quv-tarbiyaviy jarayoni ikki smenada amalga oshiriladi. Issiq kunlarda mashg‘ulotlarning katta qismi ochiq havoda o‘tkaziladi. Buning uchun har ikki qishloqda chodir, to‘siqlar, o‘rindiqlar, tepaliklar, arg‘imchoqlar, o‘yin uychalari va qum maydonchalari bilan jihozlangan maydonchalar tashkil etildi. Ularning faoliyat olib borishi maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan bolalarni kelgusida maktabga tayyorlash jarayonida muhim omil bo‘ladi.
Farg‘ona viloyatida 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 302 ming nafar boladan 203 mingi maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb qilingan. Viloyatning Buvayda, So‘x hamda Toshloq tumanlari bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi past bo‘lgan tumanlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, ushbu hududlarda mos ravishda 5, 15, 10 tadan oilaviy nodavlat ta’lim muassasasi, Buvayda va Toshloq tumanlarida 1 tadan davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat ta’lim muassasalari tashkil etish va bolalar qamrovini 80 foizga yetkazish ko‘zlangan. Bunga erishishda Prezidentimizning joriy yil 10 iyundagi “Qamrov darajasi past bo‘lgan tumanlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘ladi.
Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi xodimlari yuqoridagi qarorni birinchi navbatda So‘x, Buvayda va Toshloq tumanlarida keng targ‘ib qilishga kirishgan.
–Tumanimizda bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish ko‘rsatkichi past darajada bo‘lsada, ma’lum hududlarda aynan xususiy sektorda, mahalliy tadbirkorlar ko‘magida uy bog‘chalari tashkil etish orqali qamrov ko‘rsatkichi oshirilgan, - deydi Buvayda tuman maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari Dilnoza Nurmatova. – Xususan, Dehqonobod qishlog‘ida hozirgacha 4 ta uy bog‘chasi tashkil etildi. Yaqinda esa tadbirkor Alisher Yo‘ldoshev shinam uy bog‘chasi ochdi.
Dehqonobod qishlog‘ida bundan 2 yil avval mahalliy byudjetdan 280 million so‘m ajratilib, mavjud davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ta’mirlangan edi. Joriy yil viloyat hokimligi tomonidan ajratilgan 450 million so‘m mablag‘ hisobidan konteyner bog‘cha tashkil etildi va mazkur muassasaning o‘ziga 270 nafar bolajon qamrab olindi.
Konteyner bog‘cha – zararsiz, ekologik toza materiallardan barpo etilgan. U uchta guruhga atalgan uchta katta xona bo‘lib, xonalar ayni vaqtda ham yotoq, ham o‘yinlar xonasi sifatida xizmat qiladi. Bundan tashqari, bog‘chada keng koridor va ikkita – o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida-alohida sanuzel joylashgan. Shinam, fayzli bog‘chaning tashqi va ichki devorlari, mebel jihozlari yorqin bo‘yoqlarga burkangan bo‘lib, ko‘zni yayratadi.
Xususiy sektorda maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonining ortishi ota-onalar uchun tanlash huquqini taqdim etish bilan birga davlat muassasalari bilan raqobat muhitini shakllantirmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari bilan davlat xususiy sherikchilik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va oilaviy bog‘chalar tarmog‘ini kengaytirish orqali maktabgacha ta’limga bolalar qamrovini oshirishga, o‘sib kelayotgan yosh avlodni kichik yoshdan boshlab qarovsiz qolishini oldini olishga va bog‘chadan boshlab “mahallabay” asosda samarali tarbiya berilishini ta’minlashga erishilmoqda.
[gallery-3151]
Muqimjon QODIROV, O‘zA