Butunjahon yer kuni nishonlandi
FOTOREPORTAJ
Termiz muhandislik-texnologiya institutida 22-aprel – Butunjahon yer kuni munosabati bilan Geodeziya kadastr va kartografiya yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalar ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalari, Respublika aerogeodeziya markazi Surxondaryo hududlararo bo‘linmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda soha mutaxassislari talabalarni zamonaviy geodezik asbob uskunalar bilan tanishtirdi.
BMT Bosh Assambleyasi 63-sessiyasida tasdiqlangan Xalqaro yer kuni hozirgi va kelajak avlodning iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik ehtiyoji o‘rtasida muvozanatga erishish uchun atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiat bilan uyg‘unlikka erishish muhimligini ta’kidlaydi.
[gallery-17035]
Yurtimizda iqlim o‘zgarishi tufayli kuchayib borayotgan yer degradatsiyasiga qarshi kurashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Davlatimiz rahbarining 2022-yil 10-iyundagi “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatda yer degradatsiyasiga qarshi kurashish va ushbu holatning salbiy oqibatini yumshatish, hududlarda cho‘llanish va qurg‘oqchilikning oldini olish, biologiya xilma-xilligini saqlash, tuproq unumdorligini oshirish, degradatsiyaga uchragan yerni qayta tiklash, ilg‘or ilmiy ishlanma, innovatsiyadan keng foydalanish asosida barqaror rivojlanishga erishish bo‘yicha qator muhim vazifalar belgilab berilgan.
Tadbirda talabalarning kadastr sohasidagi bilimini sinash maqsadida zakovat o‘yinlari, ochiq darslar hamda “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi. Unda Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalari hamda Respublika aerogeodeziya markazi Surxondaryo hududlararo bo‘linmasi mas’ullari sohaga qiziquvchi talabalarga kadastr yo‘nalishi, uning o‘ziga xos jihatlari, sohada yer nazorati , davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartiblari, bino va inshootlar davlat kadastrini yuritish yuzasidan ma’lumot berdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA