Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni
Andijon shahridagi “Yoshlar” markazida Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamda viloyat OITSga qarshi kurash markazi hamkorligida tashkil etildi. Unda OITS bilan og‘rigan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, xastalik alomatlari, kasallikdan saqlanish va ogohlikka keng jamoatchilik e’tiborini qaratish, mazkur yo‘nalishlardagi targ‘ibot-tushuntirish ishlari samaradorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dunyo hamjamiyati 2030 yilgacha OITSni sog‘liqqa xavf soluvchi tahdid sifatida tugatish rejasi ustida ish olib bormoqda.
[gallery-227]
– Ana shu maqsadga erishish eng avvalo, butun insoniyatni hamjihat va mas’uliyatli bo‘lishiga bog‘liq, – deydi viloyat OITSga qarshi kurash markazi shifokori Nigoraxon Sotqulova. – OITS kasalligi kelib chiqishi va tarqalishini oldini olishda keng jamoatchilik hamjihatligi, xalqaro hamjamiyat hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shundan kelib chiqib, joriy yilda Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni “Xalqaro hamjihatlik, umumiy mas’uliyat” shiori ostida bo‘lib o‘tmoqda.
Yoshlar yetakchilari, sardorlar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etgan tadbirda mutaxassislar tomonidan OIV infeksiyasi va OITS xastaligi tushunchasi, uning inson organizmi uchun zararli ta’siri, kasallikning yuqish yo‘llari hamda undan himoyalanish usullari xususida keng ma’lumotlar berildi.
Muloqot, savol-javob tarzida o‘tgan tadbir ishtirokchilari OITS xastaligiga oid o‘zlarini qiziqtigan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA