Burqut – issiqxonachilar mahallasiga aylanmoqda
Aslida, faqatgina ushbu yilda emas, doimiy ravishda yurtimizda yoshlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Bu xalqimizning o‘ziga xos turmush tarzi, ya’ni barcha orzu-havasimizni farzandlarimiz, ularning yaxshi ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishida deb bilishimiz, shu maqsad yo‘lida yashashimiz bilan ham bog‘liq. Har bir oiladagi bunday maqsad-muddao davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanganining boisi ham shundadir balki.
2020 yilning so‘nggi kunlarida davlat rahbarining mamlakat yoshlari forumida ishtirok etib, muhim vazifalarni belgilab berishi, har yillik murojaatnomaning bu galgisida joriy yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berilishi, bir oy-qirq kun ichida ushbu masala bir necha bor muhokama etilishi va keng qamrovli davlat dasturining tasdiqlanishi shu yilda mazkur yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami ancha salmoqli bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

Samarqand viloyatining chekka tumanlaridan biri Paxtachida ham bu yil yoshlarga e’tibor har qachongidan o‘zgacha. Ayni paytda har bir mahallada “Yoshlar daftari” shakllantirilib, har bir yigit-qizning orzu-niyati, muammo va tashvishlari eshitilmoqda. Shu asosida ularga zarur yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilayotir. Hozirgacha ro‘yxatga olingan 32 317 nafar yoshlarning 6400 nafari ishsiz ekanligi va ish o‘rni bo‘lsa, mehnat faoliyatini olib borishga tayyorligini bildirdi. Shundan kelib chiqib, 129 nafar yoshlar tumandagi 49 ta tadbirkorga biriktirildi, 186 nafari “Hunarmadlar” uyushmasi qoshidagi “Ustoz-shogird” maktabida tajribali hunarmandlarga shogird tushdi. 200 nafarga yaqin yigit-qizlar ijtimoiy soha tashkilotlaridagi kvota va bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi.
Jumladan, kuni kecha tuman hokimi bosh bo‘lgan 1-sektor hududidagi ishsiz yoshlarni o‘zini-o‘zi band qilish tizimi orqali ish bilan ta’minlash maqsadida 19 ta motokultivator, 14 ta payvandlovchi asbob, 3 jamlanma duradgorlik ashyolari, 60 ta tikuv mashinalari bank krediti va subsidiya asosida berildi.
Shams Nazar mahallasidagi “Xumor brend” xususiy korxonasi “Yoshlar daftari”da ro‘yxatga olingan 5 nafar yoshni ishga qabul qildi. Istiqlol mahallasida faoliyat boshlagan un ishlab chiqarish korxonasida 65 nafar yoshlar doimiy ish bilan ta’minlandi. E’tiborlisi, bu yil tumanda 1450 nafar yoshlarga 20 sotixdan yer ajratib berish orqali ular bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ko‘plab mahallalarda, jumladan, Burqutda bu borada amaliy ishlar boshlab yuborildi.
– Tegishli idoralar mas’ullari ishtirokida “Yoshlar daftari” shakllantirilganda mahallamizda 158 nafar yigit-qiz ishsiz ekanligi qayd etildi, – deydi Burqut mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hamdam Hasanov.
– Mahallamizda yirik ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish korxonalari yo‘qligi sababli bu yoshlarni asosan, qishloq xo‘jaligi sohasiga jalb qilib, bandligini ta’minlash rejalashtirildi. Ya’ni, Yangiobod qishlog‘ida 300 gektar maydonda issiqxonalar majmuasi barpo etilishi belgilangan va bu yerda butun mahallamiz aholisi ishlashi uchun imkoniyat yaratiladi. Hozirda 10 gektar joyda zamonaviy issiqxonalar qurilishi yakuniga yetmoqda. Bu yerda 200 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuning o‘zi barcha ishsiz yoshlarimiz bandligini ta’minlash imkonini beradi. Bundan tashqari, xonadonida yoki ana shu issiqxonalar kompleksida o‘zining kichik issiqxonasini tashkil qilmoqchi bo‘lgan yoshlarga ham yordam berishga tayyormiz.
Mahallada yashovchi Farhod Qalandarov ham shu paytgacha ishsiz edi. Kunlik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanar, topadigani ham o‘ziga yetib-yetmasdi.

– Qishlog‘imizdagi bu issiqxonalar men kabi yoshlarning muammosiga yechim bo‘ldi, – deydi Farhod.
– Issiqxona qurilishida ham ishtirok etyapmiz. Ertaga bu ishlar yakunlangach, issiqxonada dehqonchilik bilan shug‘ullanamiz. O‘zimizning ishimiz, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lamiz.
Mahalla hududida tashkil etiladigan issiqxona majmuasida asosan, burqutlik tadbirkorlar, shuningdek, tumanning boshqa hududlarida yashovchi aholiga yer maydonlari ajratib berilyapti. Kredit va boshqa hujjatlar rasmiylashtiruvida hokimlik va mutasaddi idoralar yaqindan ko‘maklashyapti, faqat sharti bor – avvalo, hudud yoshlarini ishga qabul qilish, ularga tadbirkorlikni, issiqxona xo‘jaligi yuritishni o‘rgatish.
– Bizga ham shu hududdan bir gektar yer maydoni ajratildi, – deydi “Ali Narpay” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshqaruvchisi Faxriddin Omonov.
– Issiqxona qurilishi yakuniga yetib qoldi. Yerni ekin ekishga tayyorlayapmiz. Bu yerga ming tupdan ziyod limon ko‘chati o‘tqazamiz. Ular hosilga kirguncha nihollar orasida poliz va sabzavot mahsulotlari ekamiz. 20 nafar ishsiz yoshlarning bandligi ta’minlanadi.
bugungi kunda Paxtachida bir nechta mahallalar issiqxona xo‘jaligi yuritishga ixtisoslashib qoldi. Birida limon yetishtirilsa, boshqasi pomidor, bodring parvarishlaydi. Sabzavot ekinlari ekadigan mahallalar ham talaygina. Muhimi, bu hududlarda hammaning o‘z yumushi, daromad manbai bor. Mahsulot sotishga ham qiynalishmaydi, buyurtmachilar o‘zlari kelib olib ketadi. Yaqin orada Burqut ham shunday mahallalar qatoriga qo‘shiladi.
G‘.HASANOV, O‘zA