Burch, jasorat, matonat!
“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatida 9-may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir shunday nomlandi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va madaniyat departamenti vakillari va yosh energetiklar ishtirok etdi.

Unda so‘zga chiqqanlar Vatan himoyasi, tinchlik va barqarorlikni asrash yo‘lida ko‘rsatilgan qahramonlik namunasi bugungi yoshlar uchun ibrat maktabi ekanini alohida qayd etdi. Ularning ta’kidlashicha, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodni milliy qadriyatlarga sodiq, vatanparvar va faol fuqaro etib tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Ajdodlar yodini ardoqlash, ularning ibratli hayot yo‘lini yoshlarga yetkazish orqali esa kelajak avlodni barkamol insonlar qilib tarbiyalashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-apreldagi “9-may - Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilgan mazkur uchrashuv, avvalo, xalqimizning boy tarixi, ajdodlarimiz merosi va ularning jasoratini yod etish, shuningdek, bugungi avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Tadbir yakunida Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijrosi ishtirokchilarga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA