Bunyodkorlik ishlari davom etmoqda
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida qator muhim qurilish va rekonstruksiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Xususan, davlat dasturi asosida yil yakuniga qadar 6 ta mahallada yangi maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshiriladi. Shu bilan birga, “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 6 ta umumta’lim maktabi kapital ta’mirdan chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Respublika Vazirlar Mahkamasining “2022–2026-yillarda davlat umumta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta’mirlash dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida tumanda yana bir qancha loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, 3 ta eskirgan va foydalanishga yaroqsiz bog‘cha o‘rniga zamonaviy yangi binolar qurilib, foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, 4 ta umumta’lim maktabi mukammal ta’mirdan chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Tuman ta’lim muassasalarini modernizatsiya qilishda o‘quvchilarning sportdagi yutuqlari ham inobatga olinmoqda. Masalan, “Quyi Chuqurak” mahalla fuqarolar yig‘inidagi umumta’lim maktabi 400 nafardan oshiq o‘quvchini o‘z bag‘iriga olgan bo‘lsa, yosh iste’dod egalari orasida aynan sportda yaxshi yutuqlarga erishayotganlar bor. Qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarni inobatga olgan holda, shu maktab hududida zamonaviy sport zali va 120 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosini qurish boshlangan.

Bundan tashqari, hududdagi 36-sonli umumta’lim maktabida hozirda 497 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. O‘quvchilarning zichligi yuqori bo‘lgani sababli maktabda noqulayliklar yuzaga kelgan. Shu sababli, mazkur maktab uchun 120 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi barpo qilinmoqda.

Qurilish ishlariga 1,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, “Shavkat Shokir Savdo” MCHJ binokorlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Yangi bino foydalanishga topshirilgach, darslar bir smenada tashkil etilishi va ta’lim sifati sezilarli darajada yaxshilanishi kutilmoqda.

Aholi soni ortib borayotgani va 3-7 yoshli bolalar o‘rtasida maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyojning oshgani tufayli tumanda mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanilmoqda. Ayniqsa, “Pattaxon” mahalla fuqarolar yig‘inida bolalar soni ko‘pligi bois 14-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida joy yetishmasligi muammosi yuzaga kelgan. Mazkur ehtiyojni qoplash maqsadida, 14-sonli DMTTning yangi 90 o‘rinli filiali tashkil etilmoqda.
Bu filial butunlay yangidan bino qurish orqali emas, balki Shofirkon tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 47-sonli umumta’lim maktabi binosidan ajratilgan xonalarni moslashtirish orqali tashkil etilmoqda. Mazkur binoni bog‘chaga moslashtirish ishlari “Ibrohim Nodirabegim” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.